Gaiti bolalari - himoyaga muhtoj toifa


Gaitida zilziladan 200 mingga yaqin kishining yostig'i qurib, jabr ko'rganlarga gumanitar yordam davom etar ekan, yuz minglab bolalar ahvoli hamon qaltis. Ota-onasidan ayrilib, daydiga aylanganlar oz emas. Huquq faollari bolalar savdosi, ularni o'g'irlash ehtimolidan xavotirda.

Gaitida 33 bolani mamlakatdan noqonuniy ravishda olib chiqish harakatida ayblanib hibsga olingan 10 nafar amerikalik nasroniy missioner ishi ko'rilmoqda. Missionerlar "bolalar zilziladan yetim qolgan, ularning og'irini yengil qilish uchun bu ishga qo'l urdik" desa, ma'lumotlarga ko'ra, kamida 20 nafar bolaning ota yoki onasi hayot.

Bolalar huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilot vakili Geyorg Viletning aytishicha, guruh hozircha bolalarni o'z qaramog'iga olgan.

"Ularga tashkilotning maxsus pansionatlarida g'amxo'rlik qilinmoqda", - deydi Vilet.

SOS Kinderdorf zilzila oqibatida ota-onasini yo'qotgan yoki yetimga aylangan yuzlab bolalarga boshpana bergan. Ota-onasi yoki qarindoshlari topilgach, bolalar ularga topshiriladi.

BMTning bolalar bilan shug'ullanuvchi tashkiloti - YUNISEFga ko'ra, bir yarim million gaitilik bola tabiiy ofatdan jabr ko'rgan.

Tashkilot vakili Kent Peyjning aytishicha, qarovsiz, himoyasiz, ko'chada qolgan bolalarning inson savdosi, zo'ravonlik, jinsiy tajovuz yoki majburiy mehnat qurboniga aylanish ehtimoli yuqori.

Xalqaro tashkilotlar va Gaiti hukumati hamkorlikda yolg'iz qolgan bolalarning yaqinlarini qidirishga kirishgan.

"Bolalarning shaxsini aniqlab, ro'yxatdan o'tkazish, oila a'zolarini topish juda muhim. Ularni himoyasiz qoldirib bo'lmaydi", - deydi Kent Peyj.

Bolalarni imkon qadar tezroq normal hayotga qaytarish uchun yangi maktablar qurish yoki eskilarini ta'mirlash zarur. Bu esa vaqt talab qiladi, deydi Geyorg Bilet.

"Gaitida hamma narsa ostin-ustun bo'lib yotibdi. Tartib haligacha tiklanmagan. Bunga bir necha yil ketadi. Nodavlat tashkilotlar bir-biri bilan, AQSh va BMT Gaiti hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilishi zarur. Mahalliy aholini mamlakatni qayta qurish ishlariga faol jalb etish lozim", - deydi SOS Kinderdorf bolalar tashkiloti vakili.

XS
SM
MD
LG