Breaking News

Qirg'izistonda energiya manbalari bor, lekin qarovsiz


Yaqinda Xitoy va Qirg’iziston elektr quvvati yetkazib beruvchi yangi liniya barpo etishga kelishib olgan.

Kuzatuvchilar fikriga ko’ra, loyiha Qirg’izistonga alohida, mintaqa elektr tizimidan mustaqil tarmog’iga ega bo’lishga imkon beradi.

Qirg’iziston gidroelektr inshootlarini asosiy energiya manbai deb ko’radi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, elektr quvvatining qariyb 83 foizi aynan GESlar hisobiga to’g’ri keladi. Hozir o’lkada “Qambarota-2” gidrostansiyasi qurilishi yakunlanmoqda.

O’shlik tahlilchi Odiljon Obidovning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari energetika sohasida har xil imkoniyatlarga ega.

“Mintaqadagi suv zaxiralarini hisobga olganda birinchi o’rinda Tojikiston, undan keyin Qirg’iziston turadi. Suvning 25 foizdan ko’prog’i Qirg’izistonda jamlangan. “Qambarota-2”da yaqinda portlash yo’li bilan to’g’on barpo etildi. May oyida generatorlardan birining ishga tushishi kutilayapti”, - deydi tahlilchi.

Suhbatdosh fikricha, Qirg’izistonda kichik va o’rta GESlar qurishga urg’u berilishi darkor.

“Qirg’izistonda juda ko’p kichik daryolar bor. Ushbu daryolarning imkoniyati katta. Kichik, chaqqon-chaqqon GESlarni qurish, birinchidan, mamlakat uchun ancha orzon tushadi. Ikkinchidan, ularning energiyasini uzatish yengil bo’ladi. Menimcha, eng avval qilinadigan ishlardan biri – Qirg’iziston o’zining alohida, mustaqil, yuqori kuchlanishli elektr liniyalarini bunyod qilishi zarur”, - deydi u.

Qirg’iziston hukumati suv energetikasini rivojlantirish maqsadida maxsus dastur qabul qilgan. Mutaxassislar birgina Norin daryosida 22-24 stansiya qurish mumkinligini qayd etadi. Ayni paytda Qirg’izistonda boshqa energetika manbalari ham, masalan, ko’mir konlari mavjud.

Sobiq deputat, O’sh gaz ta’minoti boshqarmasi sobiq rahbari Davronbek Sobirov nazarida ko’mir konlariga kerakli ahamiyat qaratilmayapti.

“Qirg’iziston ko’mir qazish sohasida ham katta boylikga ega. Afsuski, bugunqi kunda bu soha to’xtab qolgan. Davlat yetarli mablag’ ajratsa, ko’mir konlari ishlab ketishi mumkin. Biroq Qirg’iziston o’zida ko’mir bo’lgan holda xorijdan import qilayotgan davlat. Yana bir narsa – shamol kuchidan ham foydalansak bo’ladi. Buning uchun shamol esadigan yo’llarni tanlab olib, o’sha yerlarda shamol elektr stansiyalarini qurish kerak. Masalan, Susamir, Farg’ona vodiysining ba’zi yerlarida qishin-yozin shamolning tezligi sekundiga 10 metrdan pasaymaydi”, - deydi Davronbek Sobirov.

Elektr tarmoqlarini yangilashni vaj qilib, qirg’iz hukumati 2010 yildan elektr quvvati narxini ikki barobar ko’targan.

“Mutaxassislarning aytganida jon bor. Ya’ni stansiya jihozlari, elektr uzatish liniyalari eskirganligidan elektr quvvati yo’qotiladi. Ammo o’sha korxonalar rahbarlari qattiq nazorat ostiga olsalar, isrofgarchilik ancha pasayadi”, - deydi parlament sobiq deputati Davrondek Sobirov.

Ayni paytda aholi to’lovlar oshsa-da, elektr ta’minoti sifatsiz ekanidan shikoyat qiladi.

Qator mutaxassislar hozirning o’zida Qirg’iziston o’z ehtiyojidan ikki barobar ko’p elektr quvvati ishlab chiqarayotganini aytib, sohada tartib o’rnatish kerakligini urg’ulaydi. Suhbatdoshlar fikricha, uzatish liniyalari foydali ish koeffitsiyenti kamligi, og’irlik ko’pligi, nazorat sustligi tufayli o’lkada elektr quvvatining qariyb 40 foizi yo’qolmoqda. Xorijdan olinayotgan qimmatbaho gazning ham 25 foizi isrof bo’layotgani aytilmoqda.

Aynan tejamkorlik va energetika manbalaridan samarali foydalanish o’lka energetik xavfsizligini ta’minlaydi, deydi ular. Mutaxassislar, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi muhimligini ta’kidlaydi.

XS
SM
MD
LG