Xitoy Oq uydan Dalay Lamani qabul qilmaslikni so'ramoqda


Xitoy hukumati AQShdan prezident Barak Obamaning Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama bilan uchrashuvini bekor qilishni so'ramoqda. Rasmiy Pekin xorijda surgunda yashovchi arbobni bo'lginchi deb hisoblaydi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSh rahbarining Dalay Lama bilan uchrashuvi ikki davlat munosabatlariga putur yetkazishi mumkin deydi. Aloqalar hozir usiz ham taranglashgan. Yaqinda Qo'shma Shtatlar Tayvanga qurol sotishini e'lon qilib, Xitoy noroziligiga uchragan edi. Shundan so'ng AQSh bilan harbiy almashinuv dasturlari to'xtatilgan.

Xitoy Kommunistik partiyasining Tibet masalalari bilan shug'ullanuvchi rasmiysiga ko'ra, Dalay Lama bilan uchrashuv vaziyatni yanada chigallashtiradi.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, prezident Obama jahonda o'ziga yarasha hurmatga ega diniy arbob bilan 18 fevralda uchrashadi. Eslatib o'tish joizki, Obama ham, Dalay Lama ham Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureatlari.

Qo'shma Shtatlar Tibetni Xitoy hududi deb tan olgan holda rasmiy Pekinni Dalay Lama bilan muloqot qilishga da'vat etib keladi.

Xitoy o'lkani 1950 yilda bosib olgan. Dalay Lama Tibetni 1959 yili tashlab chiqqan. Ayni damda Hindistonda istiqomat qiladi.

Dalay Lama Tibetning Xitoydan ajralishini istamayman, ammo o'lkaga keng muxtoriyat berilsin, deydi. Tibetlik faollar Xitoy hukumatini ularning madaniyati va dinini kamsitayotganlikda ayblaydi.

XS
SM
MD
LG