Afg'oniston mahalliy va amerikalik jurnalistlar nigohida


Afg'oniston hukumati Tolibon harakati safidagi mo'tadil, terror xurujlariga qo'l urmagan jangarilar bilan muloqot qilish rejasini olg'a surar ekan, Hilmand viloyatida NATO askarlari yirik operatsiya o'tkazmoqda.

"Maklachi" gazetalar tarmog'i muharriri Roy Gutmen yaqinda Afg'onistonda bo'lib qaytdi. U 1990 yillarda Afg'onistondagi vaziyatni yoritib, AQSh siyosati haqida kitob yozgan. Gutmenning aytishicha, Amerikaning Afg'oniston bo'yicha hozirgi strategiyasi oldingilaridan farq qiladi.

"Harbiylarimiz bilan suhbatdan shuni bildimki, ular mamlakat xavfsizligini ilgarigiga qaraganda ancha ishonchli nazorat qilmoqda. Vazifalarini yaxshiroq anglaydi. General Stenli Makkristal qo'mondon bo'lganidan beri Afg'oniston jug'rofiyasi, aholisi va siyosatini chuqurroq o'rganib, AQSh maqsadlariga erishishda bu bilimlardan foydalanilmoqda", - deydi jurnalist.

Uning aytishicha, prezident Obama strategiyasi afg'on hukumati va kuchlarining mamlakat xavfsizligini ta'minlashiga sharoit yaratadi.

"AQSh kuchlari Tolibonni butunlay mag'lub qilishni ko'zlamayapti. Asosiy maqsad - toliblarni muvozanatdan chiqarib, hukumat askarlariga tashabbusni qo'lga olishiga yordam berish. Prezident Obama Afg'onistonga 18 oyga 30 ming qo'shimcha askar yuborishni rejalagan ekan, bu maqsadga ushbu qisqa vaqt ichida erishish zarur", - deydi Roy Gutmen.

Vashingtonda faoliyat yuritayotgan afg'onistonlik jurnalist Nabi Misdaq nazarida muammoni yolg'iz harbiylar ishtirokida hal qilib bo'lmaydi.

"Amerikaliklar va inglizlar jang qilib, hududni afg'on politsiyasi va milliy armiyasiga topshirib ketadi. Ammo politsiyaning mamlakatda obro'si yaxshi emas. Odamlar shunga xafsalasi pir bo'lib, ba'zi joylarda toliblarning qaytishiga qarshilik ko'rsatmayapti. Omma ishonchini qozonish kerak. Buning uchun ularning ehtiyojlarini o'rganib, muammolarini hal etishga yordam berish lozim".

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay jangarilarga ish, maosh va tinch hayot va'da qilib, toliblar harakatidan chiqarmoqchi. Ammo afg'onlar hukumatiga ham ishonmaydi, deydi mahalliy jurnalist.

"So'nggi 8 yil ichida Karzay hukumati va'dalari ustidan chiqmadi. Nega endi ular hozir undan umidvor bo'lishi kerak? Korrupsiyaga botgan hukumat orqali biror ish qilish yaramaydi. Natija bo'lmaydi. Odamlar bilan to'g'rida-to'g'ri ishlash kerak", - deydi Nabi Misdaq.

Mamlakatda siyosiy barqarorlik bo'lmas ekan, uzoq muddatda muvaffaqiyatga erishib bo'lmaydi, deydi amerikalik jurnalist Roy Gutmen.

"Qoradori katta muammo. Boshqa muammolar negizidagi omil. Yana biri - korrupsiya. Ammo gap faqat qoradoridan tushayotgan pul bilan rasmiylarga pora berishda emas. Xalqaro yordam puli o'zlashtirilib, o'marilmoqda. Adliya va xavfsizlik idoralari ishlamayapti".

XS
SM
MD
LG