Breaking News

Obama xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga urg'u bermoqda


Prezident Barak Obama ayni damda butun e’tiborini millionlab amerikaliklarni ish bilan ta’minlashga qaratyapti.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, ishsizlik va mamlakatning o’sib borayotgan qarzi – eng dolzarb masalalar.

Amerika iqtisodiyotida so’nggi chorakda o’sish kuzatilgan, biroq mutaxassislar fikricha, bu vaqtincha. Obama xususiy tadbirkorlik, o’rta va kichik bizneslarni rivojlantirishga urg’u bermoqda.

Hozir Amerikada aholining qariyb 10 foizi ishsiz. “Iqtisod hamon og’ir, qat’iy choralar ko’rmasak bo’lmaydi”,- deydi Obama.

“O’rta va kichik bizneslar ishchilariga to’lay olmayapti. Kredit bozori tanqis. Banklar sekin-asta hukumatdan olgan yordamini qaytarar ekan, shu pulning 30 milliard dollarini xususiy bizneslarga berishni taklif qilyapman. Maxsus jamg’arma tashkil etib, ularni kapital bilan ta’minlaymiz”, - deydi Obama.

Barak Obamaning aytishicha, yangi ish o’rinlari yaratish birinchi o’ringa chiqishi kerak. U qonunchilardan bu tashabbusni qo’llab-quvvatlashni so’ramoqda. Obama fikricha muxolifatchi respublikachilar siyosiy o’yinlar bilan band bo’lib, mamlakat inqirozda ekanini unutib qo’ymoqda.

“Bu vaziyatdan qanday chiqish bo’yicha hamma o’z fikriga ega. Tortishuv, bahs-munozaraning aybi yo’q. Lekin respublikachilardan har bir taklifga va har bir masala bo’yicha faqat “yo’q” degan javob olyapmiz. Ular saylovni o’ylayapti xolos”, - deydi Obama.

Respublikachilar o’z navbatida hukmron partiyani bo’lar-bo’lmas loyihalarga katta pul sarflayotganlikda tanqid qiladi.

Obama taklif qilgan qariyb 4 trillion dollarga teng byudjet loyihasi bunga bir misol, deydi senator Chak Grassli. Aksincha, qarzni kamaytirish ustida o’ylash kerak.

“Biz respublikachilarni ko’pincha soliqqa qarshi partiya deb tanqid qilishadi. Demokratlar avval o’ziga boqsin. Sarf-xarajatga berilgani sabab mamlakat qarzi bir necha baravar oshgan. Qarzni esa bir kun kelib qaytarish kerak bo’ladi, foizi bilan”, - deydi Grassli.

Demokratlar Senatdagi muhim bir o’rinni muxolifatga boy berganidan beri prezident Obama xalq ko’nglini ovlash bilan band. U korxona-fabrikalarga borib, mehnatkashlar bilan uchrashmoqda.

Amerikada shu yil kuzda saylovlar. Kongressda siyosiy kuchlar muvozanati o’zgarganiga qaramay, AQSh rahbari islohot va’dalarini albatta bajaramiz demoqda. Ammo unga respublikachilarning yordami kerak bo’ladi.

XS
SM
MD
LG