Marjada Tolibon aholidan qalqon sifatida foydalanmoqda


Afg'oniston janubidagi Hilmand viloyatida NATO va afg'on kuchlarining toliblarga qarshi qo'shma operatsiyasi davom etmoqda. Marja shahri jangarilar mahkam o'rnashib olgan hudud hisoblanadi. Kuzatuvchilar fikricha, operatsiya natijasiga qarab prezident Obamaning strategiyasiga ilk baho beriladi.

"Mushtarak" operatsiyasi 2001 yilda afg'on urushi boshlanganidan beri eng yirik harbiy amaliyot. Unda 15 mingga yaqin AQSh, afg'on va Britaniya askarlari ishtirok etmoqda.

NATO qo'mondoni Stenli Makkristalning aytishicha, operatsiyada afg'on kuchlariga yetakchi rol berilgan.

Ularning malakasi ancha yaxshi. Afg'onlar mardonavor jang qilyapti, deydi Makkristal.

Yakshanba kuni jangarilarni nishonga olgan ikki raketa 12 nafar oddiy fuqaroni o'ldirgan. Amaliyotlar boshlanmasidan oldin NATO varaqalar tarqatib, shahar aholisidan hududni tark etishni so'ragan edi. Biroq hamma ham bunga rioya qilmagan.

General Makkristal voqea uchun prezident Hamid Karzaydan uzr so'rab, raketalar vaqtincha ishlatilmasligini aytgan.

Ichki ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmarga ko'ra, raketalar nishonni to'g'ri olgan, biroq bir necha kishi hujum paytida toliblar qo'lida bo'lgan. Bugun ma'lum bo'lishicha, kecha yana uch fuqaro halok bo'lgan.

Afg'oniston mustaqil inson huquqlari komissiyasi vakili Nodir Nodiriyning aytishicha, jangarilar tinch aholidan qalqon sifatida foydalanmoqda.

"Toliblar odamlarning shahardan chiqishiga to'sqinlik qilgan", - deydi u.

XS
SM
MD
LG