Breaking News

AQShda omma fikri: siyosatchilar xalq manfaatini unutgan


Kongressga bu yilgi saylovlar Amerika siyosiy sahnasida keskin o’zgarish yasashi mumkin. Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, xalqning hukumatga ishonchi pasayib bormoqda.

Mamlakat inqirozda, siyosatchilarni esa faqat saylov qiziqtiradi”, - deydi ular. Hozir Kongress va Oq uyni boshqarayotgan demokratlar mavqeini saqlab qolishiga ishonadi, biroq muxolifat bilan hisoblashmasdan iloj yo’q.

So’nggi ommaviy so’rovlarga ko’ra, Amerika xalqining prezident Barak Obamaga ishonchi 45-50 foiz atrofida. Amerikaliklarning 46 foizi Obama saylov va’dalarini bajarishga shoshmayapti degan fikrda.

Ko’pchilik ikki yirik partiya – respublikachi va demokratlar orasidagi urush-janjallardan to’yganini, natijada iqtisod, sog’liqni saqlash va xavfsizlik sohasidagi muhim islohotlar chetda qolib ketayotganini aytadi.

So’rov ishtirokchilarining atigi 16 foizi hukumatga ishonch bildirgan, 27 foizi esa “siyosatchilar xalq manfaatini unutgan” deydi.

Omma kayfiyatidan boxabar demokratlar muxolifat bilan hamjihatlikka zo’r bermoqda. Prezident Obamaning aytishicha, xalq siyosiy o’yinlardan charchagan va o’z vakillaridan, xoh respublikachi, xoh demokrat bo’lsin, belni mahkam bog’lab birgalikda ishlashni so’ramoqda.

Konservativ respublikachilar hamkorlikka doimo tayyormiz desada, soliqlar va sarf-xarajatni oshirish va hukumatning xususiy sektorga aralashuvi masalasida qat’iyan “yo’q” deya javob beradi.

“Hukmron partiya ko’pchilikmiz deb yaqingacha biror maslahatimizga quloq solmadi”, - deydi texaslik kongressmen Jeb Xensarling. “Biz ular bilan ishlashga tayyormiz, lekin bahoni xalqning o’zi beradi. Bo’lar-bo’lmas loyihalarga pul ajratishni to’xtatish, ko’rpaga qarab oyoq uzatish kerak”, - deydi qonunchi.

So’rovda aniqlanishicha, Obamaning shuhrati demokratlar orasida hamon baland, lekin u olg’a surayotgan deyarli har bir tashabbus respublikachilarning qarshiligiga duch kelmoqda.

Piter Braun kabi siyosatdonlar fikricha so’nggi oylarda Obamaning reytingi tushib ketgani mustaqil saylovchilar kayfiyati bilan bog’liq. “Ularning partiyalar-aro raqobat va janjallar bilan ishi yo’q. Sizni sayladikmi, ishni uddalang, deydigan odamlar”.

So’rovda har ikkala partiya past baho olganiga qaramay, demokratlar kuzgi saylovda bir necha o’rinni muxolifatga boy berishi tayin. Prezident Obama, deydi uning tarafdorlari, respublikachilar o’tgan bir yilni nuqul hushtakbozlik bilan o’tkazganini eslatib qo’yishi kerak.

“To’g’ri, respublikachilar partiyasi bugun o’zini ancha tiklab oldi, ammo nima hisobiga? Omma siyosatchilarni ishiga qarab baholaydi”, - deydi siyosatdonlar.

Ekspertlar nazarida Kongressga saylovlar yaqinlashar ekan, hamkorlik va hamjihatlik haqidagi gaplar yana unutilishi aniq. Demokratlar ko’pchilik o’rinni saqlab qolish, respublikachilar esa hokimiyatga qaytishga munosib ekanini isbotlash bilan band.

XS
SM
MD
LG