O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasida vaziyat tang


O'zbekiston hukumati Qirg’iziston fuqarolarining mamlakatga kirishiga cheklovlar qo’yilgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda.

Ammo qirg’iz-o’zbek chegarasi orqali o’tuvchi fuqarolar tekshiruv jarayoni murakkablashganini ta’kidlaydi.

“Dostuk-Do’stlik” punkti - ikki respublika chegarasidagi eng yirik o'tish joyi. U Qirg'izistonning O’sh shahridan 2-3 chaqirim narida joylashgan. Qirg'iziston tomonida navbat kuzatilmaydi, lekin O’zbekiston bojxonasi yonida odamlar qator tizilib turganini ko'rasiz.

Odamlar O’zbekiston tarafidan kiritilgan cheklovlardan shikoyat qilmoqda.

“Olti-yetti soat tikka turamiz. Bellarimiz og’rib qoladi. Sog'ligimizni ham yo’qottik. Qish kunida giynalayapmiz”, deydi o’rta yoshli bir ayol.

“Qarindosh-urug'ni ko'rishga kelayotganlarni ham O’zbekiston tomoni o’tkazmayapti. Axir o’lim-yetim, to'y-to'rkin bo’ladi-ku. Bormaslikning iloji yo’q”, - deydi chegaradagi taksi haydovchisi.

“Insonlarni o’tkazib tursa yetadi. O’zbekistonda opa-singillarimiz bor. Bordi-keldi bo’lmasa, qarindosh-urug'chilik buzilib ketadi”, - deya noliydi 25 yoshli Baxtiyorjon.

O’tgan hafta xalqaro matbuotda O’zbekiston ushbu mamlakatga tashrif buyurayotgan qirg'izistonliklar uchun cheklovlar kiritgani xabar qilingan. Qirg'iziston fuqarolari O’zbekistonga endi uch oyda bir marotaba kirib-chiqishi mumkinligi aytilgan.

Qirg'iziston Chegara xizmati bu ma'lumotni ko'rib chiqayotganini, O’zbekiston tomoni esa cheklovlar haqidagi gaplar safsata ekanini bildirgan.

Lekin mahalliy aholi vaziyat og'ir ekanini aytmoqda. O’zbekistonga kirib-chiqish cheklanib, qo'shni davlat fuqarolari haqiqatdan ham uch oyda bir marta kiritilsa, jamoatchilik orasida kuchli norozilik vujudga kelishi mumkin.

“Bir keksa ayol u tomonga, O'zbekistonga o’tolmaganidan yig'lab qoldi. O’zbekistondagi nevarasi kasal bo’lib qolibdi. Telefon orqali yig'lab-yig'lab gaplashdi. “Chegaradan o’tolmayabman, uch oyda bir o’tkazar ekan endi" dedi. Onaxon juda xafa bo’ldi”, - deydi chegaradagi do’koncha sohibasi Muhtaram opa.

"Chegaradan o’tish uchun bir kun vaqtim ketdi", - deydi 45 yoshli Ismoil aka.

Qirg'izistondan O’zbekistonga borib-kelish oddiy odamlar uchun azaldan jiddiy muammo. Aholi o’zbek chegarachilari va bojxonachilari xarxashasidan cho’chiydi. Juda zarur bo’lmasa, har kimning ham chegaradan o’tishga yuragi dov bermaydi.

Mintaqada eng yirik Qora-Suv bozorida faoliyat ko’rsatuvchi ishbilarmon Ilhomjon Rahmatullayev bir paytlar qo’shni O’zbekiston bilan sabdo yuritgan. Hozirda u tomonning tijoratchilari bilan aloqalari uzilgan.

“Ishlarim to’xtab qolgan. O’tishdan oldin o’ylanaman – qanday bo’lar ekan bu safar? Erta tongda chegaraga borib, u yerda navbatda turamiz. Hech bo’lmaganda bir oyda bir marotaba borib turardim. Yaqinda ba’zi tanishlarimiz uch oyda bir o’tar ekanmiz, deb kelishdi",- deydi tadbirkor.

“Olti-yetti oydan beri tijorat ancha pasayib qolgan. Tovarlar uningsiz ham o’tmayapti. Cheklovlar yanada oshirilsa, noqonuniy ravishda chegaradan o’tish hollari ko’payadi. Bu esa har-xil hodisalarga olib keladi. Axir, u yer chegara-ku. Askarlarga o'tishga ruhsat berilgan. Keyin kontrabanda yo'li bilan mollarni olib o’tish hollari ko’payadi. Aholi juda norozi”, deydi Ilhomjon Rahmatullayev.

Qirg'iz-o’zbek chegarasi 1300 chaqirimga cho’zilgan bo’lib, uning 1000 kilometrdan ko’prog'i rasmiy hatlovga olingan. Chegarada bahsli maydonlar ham mavjud.

Chegara chizig’i yaqinida tez-tez turli tushunmovchiliklar, mahalliy aholi va posbonlar, qolaversa, ikki mamlakat chegarachilari o’rtasida ham tortishuvlar va janjallar bo’lib turadi. Ikki davlat chegara xizmatlari muammolarni bir davrada o'tirib yechishga kelishib olgan. Ammo ziddiyatlar pasayganicha yo’q.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG