Breaking News

AQSh qo'mondoni: Iroqda sunniylarni saylovdan chetlatgan - Eron


AQSh qo’mondoni Rey Odierno Eronni qo’shni Iroq siyosatiga aralashayotganlikda ayblamoqda.

Uning aytishicha, parlament saylovlariga hozirlik ko’rayotgan, shialar hukmron Iroqda yuzlab sunniy qonunchini poygadan chetlatgan aynan Eron.

“Tehron siyosiy fitna yo’li bilan Iroqda mazhablararo adovatni yana avj oldirmoqchi”, -deydi general. Saylovdan keyin Iroq tinchimasa, AQSh qo’shini mamlakatda uzoqroq qolishga majbur bo’ladi, deydi u.

Vashingtonda so’zlagan general Rey Odiyernoning aytishicha, Eron hamon Iroqda shia jangarilari tayyorlash bilan band, buning uchun mablag’ va kuchini ayamay keladi. Yaqinda esa Eron Iroq rahbariyatiga chiqib, yuzlab sunniy qonunchini kelasi oy rejalangan parlament saylovlaridan chetlatishga ko’ndirgan.

“Bu saylov arafasida puxta o’ylab qilingan ish”, deydi general. “Nomzodlarni ro’yxatga olish uchun mas’ul idora rahbarlari – Ahmad Chalabiy va Ali al-Lamiy bu ishning boshida turgan”, - deydi Odierno.

Uning aytishicha, ikki arbob Eronga borib, g’alayon va xurujlar rejalovchi Quds armiyasi bilan til biriktirgan. Safar chog’ida nomzodlar masalasi muhokama qilingan.

Natijada Iroq saylov komissiyasi qator sunniy arboblarni sobiq diktator Sadddam Husayn va uning Baas partiyasiga aloqadorlik gumoni bilan bellashuvda qatnashish huquqidan mahrum qilgan. Bu esa sunniy va shialar ziddiyatini yana qo’zg’atgan. Vaholanki, ishsizlik, maishiy xizmat, iqtisodiy farovonlik, xavfsizlik kabi muammolar yechimini kutmoqda, deydi AQSh generali.

Parlament saylovlaridan so’ng AQSh armiyasi Iroqni bosqichma-bosqich tark eta boshlaydi. Avgustga qadar ular soni 97 mingdan 50 mingga kamayishi kutilmoqda. Ammo qaror vaziyatga qarab qabul qilinadi. Iroq beqaror, notinch bo’lsa, qo’shinlar mamlakatga qolishi kerak bo’ladi.

Biroq generalning aytishicha, Iroq armiyasi so’nggi yillarda ancha kuchga to’lgan va 2011 yilda davlat mudofaasini mahalliy qo’shinga topshirish mumkin bo’ladi.

XS
SM
MD
LG