Breaking News

2009 yil matbuot uchun qonli davr: 71 jurnalist halok bo'lgan


Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo’mita (Committee to Protect Journalists) hisobiga ko’ra, 2009 yil matbuot xodimlari uchun qonli davr bo’lgan – 71 jurnalist halok bo'lgan.

Filippin, Somali, Iroq va Pokiston bu jabhada eng xatarli davlatlar. Qalam ahlini, ayniqsa, internetda maqola chop etayotgan jurnalistlarni tahqirlash va qamash bobida esa Xitoy va Eron peshqadam.

Qo’mita hisobotida Markaziy Osiyo davlatlaridagi ahvol ham tahlil qilinadi.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo’mita izohiga ko’ra, o’tgan 2009 yilda matbuot xodimlari ayovsiz ta’qib qilingan, o’nlab nafari qirilgan. Oxirgi 30 yilda bunaqasi hali kuzatilmagan edi, deydi qo’mita rahbari Robert Maxoni.

“Repressiv hukumatlar jurnalistlarni asossiz qamashda davom etmoqda. O’tgan yili 136 muxbir hisbga olingan, bu raqam o’sishda davom etmoqda”, - deydi Robert Maxoni.

Qo’mita hisobotiga ko’ra, Rossiya ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun xatarli makon bo’lib qolmoqda. 2009 yilda uch jurnalist o’ldirib ketilgan – Chechenistonda inson huquqlari ahvolini yoritgan Natalya Estemirova shular jumlasidan. Bir necha nafari qattiq do’pposlab, tahqirlangan.

Armanistonda matbuot xodimlarini himoya qiluvchi choralar zaif, Ozarbayjonda esa jurnalistlar tez-tez qamoqqa olinadi. Gruziyada hukumat televideniye va radio ustidan nazoratni kuchaytirgan. Ukrainada esa siyosiy bosim tufayli jurnalistlar yozishdan hayiqadi.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi qo’mita Markaziy Osiyo davlatlaridagi vaziyatni tahlil qilar ekan, O’zbekiston - muxbirlar qayta-qayta qamoqqa olinadigan, senzura hukmron davlat deya ta’riflanadi.

Mamlakatda mustaqil jurnalistlar bosim ostida, internetdagi tanqidiy veb-saytlarga to’siq qo’yilgan, matbuot to’liq nazorat ostida. Biroq rasmiylar nazarida O’zbekistonda demokratik tamoyillar ardoqlanadi.

Hisobotda aytilishicha, mintaqada nisbatan erkin davlat sanalgan Qirg’izistonda ham vaziyat yomonlashgan. Tanqidiy maqolalari bilan tanilgan to’rt jurnalist kaltaklangan, bosim va tahdidlar natijasida bir muxbir mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan.

Joriy yil Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisligini qabul qilgan Qozog’iston ommaviy axborot vositalariga doir qonunlarni xalqaro tamoyillar asosida isloh qilishga va’da bergan. Ammo yaqinda mamlakatda internetni nazorat qilishga qaratilgan yangi qonun kuchga kirdi.

Qozog’istonda hukumatga muxolif faollarni qamash, tanqidiy nashr va kanallarni sudga tortish amaliyoti keng tarqalgan, deydiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG