Irqchilikka qarshi isyon ko'targan to'rt mard o'smir qissasi


Shimoliy Karolina shtatining Grinsboro shahrida bir paytlar savdo markazi bo'lgan binoda bugun yuzlab odamlar yig’ilib, yarim asr oldingi voqealarni xotirlamoqda.

Irqchilikka qarshi kurashgan qahramon - Martin Lyuter Kingdan ruhlangan qora tanli to’rt o’smir, bundan 50 yil oldin, Shimoliy Karolina shtatidagi “Vulvorz” savdo markaziga kelib tushlik qilmoqchi bo’ladi.

Bufetning faqat oqlar uchun yozuvi bilan ajratib qo’yilgan qismidagi sotuvchi ayol ularga xizmat ko’rsatmaydi. Yigitlar esa bo’sh kelmaydi.

“Qalban, ich-ichimdan irqiy kamsitish jirkanch ekanini bilar edim”, – deydi ulardan biri, Jozef Maknil.

Maknil o’sha paytda 17 yoshda edi. Do’stlari bilan oshxonaning oqlar uchun ajratilgan qismida o’tiraverishadi. Bu xatti-harakatlari uchun jamoat joylarida oq va qora tanli odamlar alohida o’ringa ega ekani to’g’risidagi qonunni buzib, qamalishi ham mumkin edi.

“Qilmishimiz uchun bizni bir hafta, bir kun, hatto ikki oyga qamaganlarida ham, cho’chimasdik”, deydi Maknil. “Irqchilikka barham berish uchun qilayotgan harakatimiz edi bu axir”! – deydi u.

Uning og'aynisi Franklin Makkeyn “pichoq borib suyakka taqalganidan ularga qo’shilganman” deydi.

“Bu bedavo bir darddek tuyulardi. Irqiy kamsitish normal bir holat edi. G’ururimiz oyoq osti edi. Bir nima qilish kerak derdim. Baxtimni qarangki, o’zimga 3 hamfikr topdim”, - deya eslaydi Franklin Makkeyn.

Yigitlardan biri Jibril Xasan osha kuni sotuvchi ayol nima deganini aniq eslaydi.

“Ha, yigitlar, sizlarga nima kerak"? -dedi sotuvchi ayol. Biz esa ovqatlanmoqchi ekanligimizni aytdik. "Bu o’rindiqlar faqat oq tanlilar uchun. Qora tanlilar tik turib ovqatlanadigan stollar anavi yerda" dedi. Biz esa muloyimlik bilan, "Rahmat xonim, biz shu yerda ovqatlanmoqchimiz" dedik”.

Kunlar shunday o’taverdi. To’rt o’spirin har kuni kelib faqat oq tanlilar stolida o’tirishni davom ettirdi. Bora-bora ularning safi kengaydi. Hamdardlar, boshqa qora tanlilar ham o’rindiqlardan joy ola boshladi. Hatto bir kuni ular soni 500 ga yetdi. Namoyishchilar orasida hatto oq tanlilar ham bor edi.

“Yetar, bas, oq, qora deyish - barchamiz insonmiz. Biz jamoat joylarida hammaga birdek xizmat ko’rsatilmaguncha chekinmaslikka ahd qildik. Qarorimiz qat’iy edi”,- deya hikoya qiladi Jozef Maknil.

Huquq faoli Julian Bond fikricha, Grinsboro namoyishi 1960-yillarda irqchilikka bo’lgan munosabatni tubdan o’zgartirgan.

“Bunday faollik oldin faqat sud zallarida, hukumat binolarida ko’zga tashlanar edi. Ko’chada, oddiy xalq orasidagi mana shu faollik tarixda burilish yasadi. Irqchilikka qarshi kurashgan guruhlar, fuqarolar buni tezda tushunib yetdi",- deydi u.

1960 yilning iyuliga kelib 200 ming dollar zarar ko’rgan “Vulvorz” savdo markazi hammaga birdek xizmat ko’rsatishga rozi bo’lib, do’kondan “whites only” - "faqat oqlar uchun" degan yozuvni olib tashlaydi.

Grinsboro namoyishi bu turdagi birinchi harakat bo’lmasa ham mamlakat bo’ylab matbuotda yoritilib, boshqa shtatlarda shu kabi tinch namoyishlarga turtki beradi.

Jabril Hasan tarixdan joy olgani bilan faxrlanadi.

“Biz taslim bo’lmadik. Kelajakka ishondik. Irqchilikka qarshi harakatlarimiz butun mamlakat bo’ylab keng yoyilgani ham ishonchimiz, umidimiz mustahkamligidan”, - deydi u.


XS
SM
MD
LG