Tojikistonda saylovlar yaqin, islomiy muxolifat umidga to'la


28 fevralda Tojikistonda parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar o’tkaziladi.

Saylov kampaniyasi davrida muxolifat o’ta faollik ko’rsatmoqda. Xususan prezident Imomali Rahmon raislik qiluvchi Xalq demokratik partiyasi keskin tanqid ostida.

Mamlakatda iqtisodiy ahvol og'irligicha qolmoqda. Ishsizlik va korrupsiya bu jamiyatni azaldan ezib kelayotgan muammolar. Sog'liqni saqlash va ta'lim tizimlari, maishiy xizmatlar xarob ahvolda.

Тоjikiston respublikasi saylov va referendumlar o’tkazish Markaziy komissiyasining bildirishicha, jarayonni xorijlik 400 dan ortiq mehmon, Mustaqil Hamdo’stlik Davlatlaridan 50 dan ziyod vakil, va 3000 ga yaqin mahalliy mutaxassislar kuzatmoqda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti xodimlari ham mamlakat bo'ylab saylov tizimi qanday joriy etilgani bilan tanishmoqda.

Tojikistonda Oliy Majlis deputatligiga nomzodlik huquqini olish uchun 1600 dollar atrofida o’ziga xos garov puli to’lash uslubi ko’pgina partiya va shaxslar imkoniyatini cheklab qo’ygan.

Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi So’g’d viloyat bo’limi raisi Hoji Naimjon Sa’miyev fikricha saylovda partiya ishtiroki juda faol. Uning aytishicha mahalliy majlislarga nomzod ko’rsatishda Islom uyg’onish partiyasi ancha ilgariga ketgan.

"Viloyatga agar 70 deputat saylanadigan bo’lsa, bizdan 38 nomzod bor. Nohiyalarda esa 600 joydan 240tasiga bizning vakillar da’vogarlik qilishmoqda. Bu esa mahllaiy deputatlarning 70 foizini tashkil etadi. Bu 2005 yildagiga qaraganda ancha oldinga siljiganimizni ko’rsatadi",-deydi u.

Sa’miyev deydiki, ko’pgina saylov havzalari va uchastkalarida komissiya a’zoligiga ulardan vakillar kiritilishiga to’sqinlik bo’lgan.

Islom Uyg’onish partiyasi So’g’d viloyat saylov shtabi boshlig’i Mirzoqul Hojimatov quyidagilarni ta'kidlaydi:

“Qonunga ko’ra saylovni hukumat o’tkazmaydi, lekin hamma biladiki, saylov havzalarida 99 foiz hukumat odamlari. Yo biron idorani raisi yo hukumatda ishlaydiganlar, eng kichkinasi o’qituvchilarki, hammasi hukumatga qarashli odamlar, ham ularning 90 foizdan ortigi hukmron partiya a’zolaridir”.

Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasidan Oliy Majlis deputatligiga nomzod bo’lgan Dilbar Samadova fikricha, saylovlarga sanoqli kunlar qolgan bo’lsa ham, saylovoldi kampaniyasi respublikada qurilishi boshlangan Rog’un GESi targ’iboti soyasida qolib ketmoqda.

Prezident Imomali Rahmon saylovlar oshkora o’tadi deya so'z bergan.

Lekin Islom uyg’onish partiyasi faollari saylovoldi kampaniyasida bo’layotgan adolatsizliklar ustidan sud va xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqchi.

Bu yilgi saylovda oldinga siljish bor, deydi muxolifat a'zolari, ammo qonunbuzarlik holatlari hali ham ko'p uchraydi. "

"Biz kamida 5-6 nohiya boshliqlarini sudga beramiz, hatto sudlarni ustidan ham ariza yozishga to’g’ri keladi. Shikoyatlarga hozircha javob yo’q. Qonunda aytganki, saylov haqida bo’lgan shikoyatlar 3 kun ichida hal bo’lishi kerak. Lekin ularni na javobu yo’q, na savoli yo’q”,- deydi Naimjon Sa'miyev.

"Shunaqa davlat. Lekin biz bu davlatni fuqorolari, bu davlatni ulardanam biz yaxshi ko’ramiz. Biz, inshoolloh, sabr bilan harakat qilamiz. Bu demokratiya hech qaysi davlatga o’n yoki yigirma yilda kelmagan. Sabr,tortishuvlar, harakat va tushintirish bilan, inshoolloh, qadam ba qadam oldinga borish bor. Mana ba’zi nohiyalarda, alhamdulillohki, qabul qildilarku (deputatlikka nomzodlarni ro’yxatga olishdi demoqchi), xay, kelgusi saylovda hamma nohiyalarda qabul bo’ladi,- deydi Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi saylov shtabi boshlig’i Mirzoqul Hojimatov.


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG