Obama Tibet peshvosi Dalay Lamani astoydil qo'llab-quvvatlamoqda


Prezident Barak Obama Xitoyning qat’iy e’tiroziga qaramasdan bugun Vashingtonda Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama bilan uchrashgan.

"Tibetning nodir madaniyati, dini, tilini saqlab qolish va o'lka xalqining huquqlarini e'zolash, himoya qilish tarafdoriman", -deydi Obama.

Dalay Lama esa AQSh prezidenti bilan muloqotdan baxtiyor ekanini aytib, "diniy farovonlik, inson huquqlarini ardoqlash, ayollar rolini mustahkamlash xususida gaplashdik" deydi.

Bu aloqa shundog’am tarang AQSh-Xitoy aloqalariga ziyon qilishi mumkin.

Rasmiy Pekin Dalay Lamani ekstremist-buzg’unchi deb biladi va AQShdan uchrashuvni bekor qilishni talab qilmoqda.

Kecha Vashingtonga yetib kelgan Dalay Lama bilan muloqot Oq Uyda, prezident Obamaning shaxsiy xonasida, matbuot ishtirokisiz o’tgan. Tahlilchilar nazarida, Vashington shu tariqa haddan tashqari e’tibor-shovshuvni bosmoqchi. Tibet peshvosi Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan ham uchrashgan.

Prezident Obama Dalay Lamaning zo'ravonlikdan xoli siyosati va dialog-muloqotga sodiqligini olqishlagan. Har ikkisi uchrashuv chog'ida AQSh-Xitoy aloqalarida ijobiy ruhni saqlab qolish zaruratini ta'dilagan.

Oxirgi paytlarda Qo’shma Shtatlar Xitoy bilan qator masalalarda tortishib keladi. AQShning Tayvanga, Xitoy o’z hududi deb bilgan orolga 6.4 milliard dollarlik qurol sotish qarori shular jumlasidan. Rasmiy Pekin bo’lginchi deb tamg’alagan, Tibet peshvosi Dalay Lamaning AQShga tashrifi oraga sovuqlik olib kirishi muqarrar.

Biroq Obama ma’muriyati dunyo iqtisodiyotini tebratib turgan, savdo hamkori Xitoy bilan urushmoqchi emas. Eron va Shimoliy Koreya yadro dasturi muammosi yechimi, iqlim o’zgarishi va moliyaviy krizisni jilovlashda Vashingtonga Xitoyning yordami suv bilan havodek zarur.

Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, Xitoy va AQSh ba’zi masalalarda kelishmasa-da, har doim murosa qilishga qodir.

1959 yilda Tibetda Xitoy istilosiga qarshi qo’zg’olon ko’targan, biroq mag’lub bo’lgan Dalay Lama uzoq yillardan beri surgunda yashaydi. Tibet ahli, dunyoning aksariyat davlatlari uni hamon rahnamo, e’zozli arbob, Xitoy hukumati esa yurt yaxlitligiga raxna solgan ekstremist deb biladi.

Dalay Lama avval ham AQSh rahbarlari, xususan, prezident Jorj Bush bilan yuzma-yuz gaplashgan. Rasmiy Pekin nazarida bu uchrashuvlar Tibet peshvosi va uning qarashlarini tan olish bilan barobar. Dalay Lama har qanday tanqidni rad etib, Tibetga mustaqillik emas, ko’proq muxtoriyat berilsa bas, deb keladi.

Tahlilchilar nazarida Obama va Dalay Lama muloqoti, bir-ikki e’tirozni hisobga olmaganda, AQSh-Xitoy munosabatlariga jiddiy putur yetkazmaydi.

XS
SM
MD
LG