Breaking News

FBR terrorchilarni aniqlashda musulmonlar yordamiga muhtoj


AQShda xavfsizlik masalalarini o'rganuvchi Rend Korporatsiyasi tahlil markazi hisobotiga ko'ra, 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan beri AQShda 30 ga yaqin terror xuruji rejasi fosh etilgan. 9 tasi 2009 yilda. Ammo amerikalik musulmonlarning aytishicha, xavfsizlik xizmatlari terrorchilarni aniqlash maqsadida musulmon jamoalariga haddan tashqari ko'p bosim qo'ymoqda.

O'tgan yil noyabr oyida besh nafar yosh amerikalik musulmon bedarak ketganida ota-onalari mahalla oqsoqollari bilan maslahatlashib, Federal Qidiryuv Byurosiga murojaat qilgan edi.

"Agar oilalari, mahalliy masjid va jamoa zudlik bilan chora ko'rmaganida edi, vaziyat hozirgidan chigalroq bo'lardi" degan edi o'shanda Amerika musulmonlari jamiyati erkinligi jamg'armasi rahbari Mahdi Brey.

Yosh musulmonlar keyinchalik terror xurujlarini rejalayotganlik aybi bilan Pokistonda qo'lga olindi.

Yangi yildan oldin Detroytga uchayotgan samolyotni portlatishga harakat qilganlikda ayblanayotgan nigeriyalik Umar Faruh Abdulmutallabning otasi ham o'g'lining mutaassiblashib borayotgani haqida huquq-tartibot organlariga xabar bergan edi.

Nyu-York shahridagi musulmon jamoalar o'z saflaridagi ehtimoliy terrorchilarni fosh etishda politsiya bilan hamkorlik qilishga rozi bo'lgan.

Ammo ba'zilar nazarida FBR ortiqcha bosim qo'ymoqda. Masjidlarga kirib, hamkorlikdan bosh tortganlarga do'q-po'pisalar qilib.

"Agar kimdir bu yerda xuruj qilmoqchi bo'lganini bilsam, jonimni jabborga berib bo'lsa ham uni to'xtatishga harakat qilaman", deydi bruklinlik shayx Tariq Solih.

Uning aytishicha, hamma narsanining chegarasi bo'lishi kerak. Uning aytishicha, Afg'onistonda al-Qoidaga aloqador uzoq qarindoshi ishonchini qozonish uchun mamlakatga borish taklifidan bosh tortgani uchun FBR Solihning grin karta uchun arizasini bekor qilgan.

"Mendan boshqalarni tuzoqqa ilintirishda foydalanishlariga yo'l qo'ymayman."

Mahalliy masjid ma'muri Fares al-Basir ga ko'ra, Solih Afg'onistonga borsa, tirik qaytib kelmaydi.

"Axir Amerikadagilar ular uchun kofir", - deydi al-Basir.

Uning aytishicha, Federal Qidiruv Byurosi shayxga bosim qo'yish maqsadida u haqda ma'lumot to'plash uchun ketiga odam qo'ygan.

"Mendan u bilan gaplashib, FBRga yordam berishiga ko'ndirishimni iltimos qilishdi. Ammo bu bizning ishimiz emas".

Federal Qidiruv Byurosi rasmiysi shayx Tariqqa aloqador savollarga javob berishdan bosh tortgan holda Amerikadagi musulmon jamoalari bilan hamkorlik keng yo'lga qo'yilgan, deydi.

Ammo ko'p musulmonlar bu hamkorlik emas, bosim, deydi. Voil Musfar Amerika arab musulmonlari federatsiyasi prezidenti.

"Amerikaga kelishimizdan maqsad muammo yaratish emas. Yashash uchun imkoniyatlar yaxshiroq bo'lgani uchun kelganmiz".

Nyu-Yorkdagi Arab-Amerika uyushmasi direktori Linda Sarsurning aytishicha, odamlarning ko'ngliga g'ulg'ula, qo'rquv solish to'g'ri emas.

"Masjidda ibodat qilayotgan odam har ikki yonida o'tirgan musulmonlardan "FBR yugurdagimikan" deb shubhalanishi yetmay turibdi. Jamoa tinchini shu tariqa buzish yaxshi emas".

Biroq terrorizm bo'yicha mutaxassislar busiz xavfsizlikni ta'minlab bo'lmaydi, deya hukumat siyosatini himoya qilmoqda.

Terrorizm hollarini taftish qiluvchi nodavlat tashkilot rahbari Stiven Emerson fikricha, FBR bilan hamkorlik qilayotgan fuqarolar yordamida huquq-tartibot organlari ko'plab foydali ma'lumot to'playdi.

"Jamoalar xavfsizlik idoralariga yordam berishdan bosh tortsa va kerakli ma'lumot bilan ta'minlamasa, o'z odamlarini masjidlar va jamiyatga pinhona kiritishdan boshqa yo'l yo'q".

Emersonning aytishicha, jamoa rahbarlarining o'zi FBR bilan qo'rqitib, musulmonlar ko'ngliga g'ulg'ula solmoqda.

"Ko'p guruhlar musulmonlarga FBR bilan aloqa qilmang, Amerika bizga qarshi fitna uyushtiryapti, deb, odamlarni bizga qarshi qayrayapti".

Vashingtondagi konservativ tashkilot tahlilchisi Gari Shmit nazarida AQSh qonunlari va usullari Yevropa davlatlarinikidan ancha yumshoq.

Uning aytishicha, FBR masjidga o'z agentlarini yuborishga haqli. Bu bilan hech kimning erkinligiga changal solinayotgani yo'q, deydi u.

"AQSh Konstitutsiyasining birinchi va to'rtinchi tuzatishlarida so'z erkinligi, diniy e'tiqod, shaxsiy erkinlik masalasida hukumat vakolatlarining chegara doirasi aniq belgilangan".

Musulmon yetakchilar ham, huquq-tartibot idoralari ham hamkorlik uchun o'rtada ishonch bo'lishi kerak degan fikrga qo'shiladi.

XS
SM
MD
LG