Amerikada semizlikka qarshi kurash, ayniqsa bolalar orasida


Amerikada prezident Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obama bolalar va yoshlar orasida semizlikka qarshi kurash boshlagan.

Gap shundaki, bu mamlakatda har uch o’smirdan biri bu kasallikdan aziyat chekadi. Mishel Obama jismoniy tarbiya va sog’lom ovqatlanishni targ’ib qilmoqda.

Tashabbusdan asosiy maqsad - bolalarni sog’lom hayotga o’rgatish, ovqatlanishdan tortib o’qishgacha.



Amerikada bolalar jismoniy jihatdan faol emas. Maktabga mashinada qatnaydi. Meva-sabzavot kam yeydi. Darsdan keyin kompyuter va televizorga bog’lanib qolgan. So’nggi 30 yilda AQShda yosh avlod uch karra semirgan.

“Bunga tik qarab tura olmaymiz”, - deydi Mishel Obama. “Hech kim bolasiga buni ravo ko’rmaydi. Xalqimiz kelajagi haqida gap ketmoqda”.

Mishel Obama maktablarda sport zallarni ko’paytirib, oshxonalarda sifatli taom tayyorlashga da’vat etmoqda. 30 million bola asosan o’qishda, kafeteriyada tanovul qiladi. AQSh hukumati oshxonalarni yaxshi mahsulot bilan ta’minlash uchun kelasi 10 yilda qo’shimcha 10 milliard dollar ajratish niyatida.

“Ota-ona uyda bolaga yaxshi qarab, yuvib-tarasa, sifatli oziq-ovqatni muhayyo qilsa-yu, maktabda ularga yana yog’li taom berishsa. Bunaqasi ketmaydi,” - deydi Obama.

Semizlik bois yuzaga keladigan xastaliklarni davolash uchun har yili taxminan 150 milliard dollar sarflanadi. Doktorlar maslahati shuki, bola erta yoshdan sifatli ovqat yeb o’rgansa, keyin ham shu odat bo’lib qoladi.

“Yurishga, yugirishga qiynalayotgan go’daklarni ko’raman. Semizlik nafas olishni qiyinlashtiradi. O’smir paytidayoq diabet bo’ladi ba’zilar. Bundaylar 30 ga chiqmay buyragi ishdan chiqadi”, - deydi shifokor Judit Palfri.

Bola uchun jismoniy mashq, harakat juda muhim. Ammo kunda yetti-sakkiz soat televizor yoki kompyuterga tikilib o’tiradigan amerikalik bolakaylar uchun bu mushkul topshiriq.

Oq Uy bolalar orasida semizlikka jiddiy muammo deb qarab, ta’lim va maorif sohasida islohotlar boshlamoqda.

Bu - bolalar endi sevimli ovqati - gamburgerni umuman yemaydi degani emas. Meva, sabzavot va mashqqa ham joy qolsin-da, deydi Mishel Obama.

XS
SM
MD
LG