Terror xavfi kuchli zamonda xushmuomalalik unut bo'lgan


Vokzal va aeroportlarni davlatning ostonasi deyishadi. U yerdagi muomala-tartibga qarab ba’zan butun yurt va xalq haqida xulosa qilish mumkin.

Biroq, deydi yo’lovchilar, terror tahdidi kuchli hozirgi zamonda xushmuomalalik unut bo’lgan. Kim uchundir bir og’iz shirin so’z, tabassum muhim. Boshqalar esa “bojxona xodimi ishini qilsa bo’ldi, boshqasi bilan ishim yo’q” deydi.

Yaqinda “Mening ismim Xon” nomli yangi hind filmi ekranlarga chiqdi. Kinofilmda qator mavzular sirasida zamonamizning dolzarb muammolaridan biri, qayta-qayta gapirilaverib, odam eshitsa, peshonasi tirishadigan aeroport masalasi ham tilga olinadi.

Bir sahnada Shohruh Xon ijro etgan bosh qahramon – Rizvon Xon ismli musulmon AQSh aeroportida xavfsizlik xodimlari tomonidan savol-javob qilinadi, yuki, ust-boshi va hatto og’iz-burni tekshiriladi. Sahna g’oyat ta’sirchan, ko’zga yosh keladigan qilib olingan, ammo aeroport xodimlariga ta’na toshlari yog’dirishga, keling, shoshmaylik.

Haqiqatan, mamlakat ostonasi bo’lmish aeroportlarda muomaladan shikoyat qilish global muammo. Toshkent aeroporti haqida yo’lovchilar fikri:

“O’zbekistonda customer service (mijozga xizmat ko’rsatish) yo’q. Sizga xuddi ulardan past odamday muomala qilishadi”.

“O’zbekistondan bir guruh chet ellik sayyohlar qaytib ketishayotgan edi. O’zbekistonda sotib olingan suvenirlarni, bilmadim, shubhali topishganmi, bojxona xodimlari ochib-titib tashlashdi. Yomon narsa topishmagandan keyin uzr ham so’rab o’tirishmadi. Yashiklari ochilgan, ichidagi opilkalari sochilib ketgan yerga, haligi chet ellik qariya juda bir yomon ahvolda qoldi. Aeroport ostona deyishadi-ku. Yaxshi kayfiyat bilan ketayotgan odam ham samolyotda fikri o’zgaradi bunaqa ishdan keyin. Har holda muomala madaniyati bo’lishi kerak. Hamma xodimlarni umumlashtirib aytmoqchi emasman, lekin ba’zilari shuni uqib olsa ma’qul bo’lardi”.

Internetni kezar ekansiz, ba’zi yo’lovchilar O’zbekistonga tinchgina borib kelganini aytib, “Hoy, Toshkentga til tekizmang” deb xafa bo’lsa, boshqasi “poraxo’r, turqi sovuq bojxona xodimlaridan charchadim, boshqa yurtga ketaman” deydi.

Xuddi o’sha global tarmoqda aylanib yurib, AQSh samolyot, aeroportlaridan, tekshir-tekshir va qo’pol muomaladan “dod” deganlarga uchrab qolasiz.

Amerika matbuoti xavfsizlik xodimlarini savodsizlik, uquvsizlik va kasbini bilmaslikda ayblab, tanqid qiladi.

Tan olish kerakki, ishini yaxshi bilmagan, qo’pol, befarosat mutaxassislar hamma sohada ham topiladi, xoh u tibbiyot, xoh siyosat, xoh ta’lim bo’lsin. Xavfsizlik esa alohida, jiddiy masala. Keling, bu sohaga yaqindan nazar tashlab ko’ramiz.

Qo’shma Shtatlarda aeroport xavfsizligi bilan yirik idora - Transport xavfsizligi ma’muriyati (Transportation Security Administration) shug’ullanadi. Idora veb-saytiga ko’ra, hozir bu tizimda 49 ming odam xizmat qilmoqda.

Ular ishga olinar ekan, yaxshilab elakdan o’tkaziladi: AQSh fuqarosi bo’lish kerak bu bir, jismonan va ma’nan pishiq, stressga chidamli bo’lishi kerak, bu ikki. Qolgan talablar quyidagicha: bojxonada ishlayman degan qiz-yigitlar tibbiy testdan o’tadi, nashavand yoki yo’qligi tekshiriladi, og’ir yuklarni ko’tarishga, soatlab tikka turishga tayyor bo’lish kerak, savodxonlik va muomalali bo’lish ham muhim shartlardan.

Oylik esa soatiga 9-10 dollar, yiliga 30-40 ming dollar atrofida. Ba’zilar nazarida kuniga minglab yo’lovchilar bilan ishlaydigan mutaxassis uchun bu – maoshmas.

Internetdagi bir kishi shunday yozadi: “xavfsizlik xodimlari yo’lovchilardan tinimsiz shikoyat eshitishga majbur: “yuk sal og’ir bo’lsa nima qilibdi; kompyuterni nega tekshirasiz; samolyotga suv olib kirsak nima qilibdi, poyafzalni nega yechishim kerak” va hokazo.

“To’g’ri, muomalasi sovuq xodimlar talaygina, bu haqda ortiqcha o’ylab, asabni buzish kerakmas. Menga tabassum qildimi, rahmat aytdimi yoki to’ng’illadimi – farqi yo’q. Samolyotga terrorchi kirib olmasa, xavfsizlik xodimi mana shu tahdidni bartaraf etsa – shuning o’zi kifoya”, - deb yozadi bir amerikalik.

O’zbekistonda aeroport va yo’lovchilarni himoya qilish Milliy xavfsizlik xizmati qoshida tuzilgan Aviatsion xavfsizlik bo’limi zimmasida. Soha xodimlarining aytishicha, ular taxminan 200-300 dollar maosh oladi.

Bojxona xodimlarining asosiy vazifasi – biz, yo’lovchilar samolyotga chiqib, eson-omon manzilga yetib olishimizni ta’minlash. Xurujlar real tahdidga aylangan hozirgi zamonda bojxona xodimi o’z ishini bilib, chalg’imay, insof bilan bajarishini xohlaydi kishi.

Global tarmoqdagi forumlarda bojxona xodimlarining ta’rifi bir: ular poraxo’r, sovuqdan sovuq, qo’pol, befarosat, savodsiz, vijdonsiz va hokazo.

Biroq Toshkent aeroporti veb-saytiga ko’ra, shu paytgacha yo’lovchilar bu xizmat xodimlari ustidan biror marta shikoyat qilmagan. Chunki xushmuomalalik, omilkorlik va odoblilik – xodimlarga qo’yilgan asosiy talabdir, deb yoziladi mazkur saytda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG