O'zbekistonda korrupsiya zanjirini uzish qiyin


Korrupsiyaga qarshi kurash va oshkoralikni targ’ib qiluvchi xalqaro tashkilot - “Transparency International” tahlilicha O'zbekiston - poraxo’rlik eng chuqur ildiz otgan 10 jamiyatdan biri. Jami 180 davlatdagi vaziyat o'rganib chiqilgan.

Mamlakatda mavjud siyosiy tuzum korrupsiya uchun qulay muhit yaratgan. Nafaqat amaldorlar, balki oddiy xizmatchilar ham porasiz yashashi qiyin.

Hozirgi vaziyatda bu zanjirni uzish mushkul deya xulosa qiladi tashkilot.

O’zbekistondagi “Najot” inson huquqlari tashkiloti berayotgan ma'lumotlarga ko'ra Xorazmda masalan oddiy hamshiralik o'rniga joylashish uchun 500 dollar atrofida pora talab qilinadi.

“Bu bor, yashiradigan narsa emas. Ish o'rniga 500 dollardan olib ishga joylayapti. Bersa ishga joylashadi, bermasa ish yo'q. Bu nafaqat tibbiyotda, ta'lim va boshqa sohalarda ham shunday. Davlat byudjetida ishlab turgan odamlar uchun baribir. Agar biror tanishi yoki puli bo'lmasa, yetuk mutaxassis bo'lganda ham ishga joylashishi qiyin”, - deydi tashkilot rahbari Hayitboy Yoqubov.

Boshqa bir suhbatdoshimiz o'z kasbi bo'yicha ishga joylashish uchun harakat qilganida qanday to'siqlarga uchraganini aytib beradi.

“2 ming dollar so'rashdi, lekin oyligini so'rasam kam. Uning ustiga hozir oylikni ham 3-4 oyga kechiktirib berishadi”, - deydi u.

Korrupsiya oddiy qilib aytganda O'zbekistonda turmushning bir qismi, normal holat.

“Asosiy masala shundaki, odamlarni oyligi oddiy kun ko'rishga yetmaydi. Shuning uchun bu ishni qilishga majbur, chunki yashashi kerak-ku! Shunday ekan majbur, bir kun, bir yil turib berar... Pokiza, xudodan qo'rqadigan odamlar ko'p, lekin ularning ham bolalari bor. Boqish kerak. Hozir turmush darajasi pasayib ketgani shuni talab qilayapti. Hamma narsa sotiladiga bo'lib qoldi. Mamlakatni yemirayotgan narsa shu korrupsiya. Hokimlarni ham tez-tez almashtirib turibdi. Bunga ham korruptsiya sabab”, - deydi mahalliy faollardan biri Hayitboy Abdullayev.

Korrupsiya nafaqat mamlakatni ichdan yemirayotgan illat balki tashqi dunyo bilan aloqalarda,
investitsiyalar kirishiga ham to'sqinlik qilib kelayotgan omillardan biri.

AQShda asoslangan xalqaro "Forbes" biznes jurnalining yoritishicha, O'zbekistonda korrupsiya rivojlanishida avtoritar siyosat muhim o'rin tutadi. Hukumat iqtisodiyot ustidan mutlaq nazorat o'rnatgan. Nafaqat siyosiy balki iqtisodiy erkinliklar ham cheklangan. Tadbirkorlik qilish uchun odamlar o'nlab eshiklarni qoqishga, o'nlab amaldorlarga pora uzatishga majbur. Oshkoralik ta'minlanmagan ekan, davlat idoralari xalq mulkini, uning haqini o'g'irlashdan qo'rqmaydi.

“Bunga qarshi kurash juda qiyin. Mamlakatda oshkoralik, so'z erkinligi bo'lmasa. Rasmiy pozitsiya shuki, bizda korrupsiya yo'q. O'zbekistonda bunga qarshi kurashadigan bir harakat ham yo'q. Markazda nima deyilsa, u kishining aytgani aytgan, degani degan. Avtoritarizm degani shu bo'lsa kerak”, - deydi sharhlovchi Tuyg'un Azizov.

O'zbekiston BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha xalqaro konvensiyasini imzolagan. Lekin boshqa ko'plab xalqaro qonunlar singari bu hujjatning ham qadri va ahamiyati chetga surilgan yoki unutilgan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG