Xillari Klinton NATOni isloh qilishga chaqirmoqda


Kecha AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Vashingtonda NATOning kelajakdagi strategik maqsadlariga bag'ishlangan seminarda nutq so'zlab, Rossiya bilan aloqani yaxshilashga, terrorizm va yadro qurollarining tarqalish xavfiga qarshi yangicha kurashishga chaqirdi.

Xillari Klintonning aytishicha, alyans maqsadlari va ish uslubini hozirgi zamon tahdidlariga moslab, o'zgartirishi zarur. Sovet Ittifoqi tahdididan himoya vositasi sifatida vujudga kelgan tashkilot bugun Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qilishi kerak, deydi u.

Klintonning aytishicha, NATOning yangi konsepsiyasi yangi tahdid va muammolarni hisobga olgan holda shakllanishi kerak.

So'nggi bor alyans maqsad va vazifalarini 1999 yilda yangilagan edi. Bugunga kelib, NATO faoliyat doirasi ancha kengaydi, deydi Klinton.

"Yevropani himoya qilish maqsadida tashkil etilgan guruh bugunga kelib Afrikada dengizni qaroqchilardan qo'riqlamoqda, Iroqda 14 mingga yaqin xavfsizlik kuchlarini tayyorladi, Afg'onistonda harbiylari sonini oshirmoqda", - deydi Klinton.

NATO yadroviy xavfsizlik borasida ham faol bo'lishi kerak. Bugun Yaqin Sharqda yadro xavfi kuchaymoqda, deydi AQSh davlat kotibi.

"Bunday tahdidlarni boshqa davlatlar va tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish mumkin. Xususan Rossiya bilan bu borada yaqindan ishlash kerak".

NATOning yangi strategik maqsad va vazifalarida energetika va kiber xavfsizlikni ta'minlash ham aks etishi lozim.

Xillari Klinton o'z nutqida NATO islohotiga ham to'xtaldi.

Uning aytishicha, alyans qarorgohida 300 dan ortiq qo'mitalar faoliyat yuritadi.

"Ba'zilari ayni vazifalar bilan shug'ullanadi. Harbiy va noharbiy maqsadlarga ajratilayotgan mablag'lar eng muhim loyihalarga yetib bormaydi. NATO bosh kotibining vakolatlari kengaytirilishi lozim", - deydi Xillari Klinton.

XS
SM
MD
LG