AQSh Afg'onistondagi talofatlardan afsusda, ammo bu - urush deydi


Ma'lumotlarga ko'ra, AQSh Afg'onistonda 2001 yilda urush boshlaganidan beri ming nafar askarini yo'qotgan. Iroqda esa 4 mingdan ziyodi halok bo'lgan. General Deyvid Petreyus "urushda talofatlar tabiiy hol" demoqda.

Bugun Afg'oniston janubidagi Hilmand viloyati ma'muriy markazi Lashkar-Gohda bomba portlab, 8 kishi o'lgan, 16 nafari yaralangan. Uruzgonda esa yakshanba kuni NATO havo hujumidan 27 afg'on o'lgan.

Oddiy fuqarolarni avaylash haqida buyruq olinganiga qaramay so'nggi paytda fojiali hollar ko'paygan. Bu esa koalitsiya kuchlarining mahalliy xalq ishonchini qozonishini qiyinlashtirmoqda.

AQSh admirali Mayk Myullen Uruzgondagi voqea bo'yicha afg'on xalqiga ta'ziya bildirib, bu - urush, deydi. Afg'oniston Vazirlar Kengashi esa voqeani qoralagan.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts tinch aholi o'limiga Tolibon ham aloqador, ulardan qalqon sifatida foydalanib, koalitsiya kuchlarining jangarilarni nishonga olishini qiyinlashtirmoqda, deydi.

Afg'on va NATO kuchlari, mana ikkinchi haftadirki, janubdagi Marja shahrida toliblarga qarshi jang qilmoqda. Shu kungacha 16 fuqaro, 120 jangari va NATOning 13 askari halok bo'lgan.

Admiral Myullen "sekin, ammo ishonchli g'alabaga erishyapmiz" deydi.

Chekinayotgan jangarilar har joyga bomba o'rnatib, alyans kuchlari hayotini xavf ostiga qo'ymoqda.

XS
SM
MD
LG