Breaking News

Robert Geyts NATOni butunlay isloh qilish kerak demoqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts NATO – Shimoliy Atlantika harbiy blokini tubdan isloh qilishga chaqirmoqda.

60 yil oldin paydo bo’lgan tashkilot bugun yangi, avvalgidan farqli tahdidlar bilan yuzlashmoqda, dedi Vashingtonda NATO anjumanida so’zlagan Geyts.

Yevropaning qurolsizlanish siyosati harbiy alyansni zaiflashtirgan. Natijada NATO samarali jang qila olmayapti, deydi Geyts.

Harbiy ittifoq faoliyatiga doir yangi nizom muhokama qilinar ekan, AQSh rasmiysi muhim tuzatishlar taklif qilmoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha, NATO endi ish boshlagan paytlarda maqsad-vazifalar boshqa edi, bugun boshqa. Hozir faqat Yevropaning hududiy yaxlitligini himoya qilish bilan kifoyalanish mumkin emas. Xalqaro xafvsizlik haqida o’ylashi lozim, deydi u.

“XX asrda Yevropa ahli va davlat arboblari qurolsizlanish yo’lini tanladi. O’sha davr uchun bu katta yutuq edi. Ammo XXI asrda talab va tahdidlar o’zgargan. Eski qarashlar tinchlikni ta’minlashga halaqit bermoqda”,-deydi Geyts.

Uning aytishicha, Yevropa davlatlari NATOning xavfsizlik bobidagi siyosatini anglashi kerak. Robert Geyts alyansni isloh qilishni taklif qilar ekan, byudjetni taqsimlash, sarmoya kiritish usullari eskirgan; keraksiz, qarovsiz bazalarni yopish kerak, deydi.

Vazir Yevropa davlatlarini mudofaa uchun ko’proq mablag’ ajratishga, NATOning harbiy operatsiyalari, xususan, raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlari qurish, Afg’onistondagi kurashda faolroq qatnashishga chaqirmoqda.

NATO davlatlari ayni damda yangi Strategik harbiy nizomni muhokama qilmoqda. Tahlilchilar nazarida bu hujjat Yevropada mavjud fikrni – qurol-yarog’dan qutulish, urushdan nari yurish kayfiyatini o’zgartirishi qiyin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG