Tojikistonda Rog'un targ'iboti avjida


Tojikistonda Rog’un GESi qurulishi qayta boshlanganiga bir necha oy bo’ldi. Mintaqada suv tanqisligi sabab ushbu tog’on qo’shni davlatlar o’rtasida bahslarga sabab bo’lmoqda.

Geofiziklar tabiatga salbiy ta’sirini nazarga olib, ulkan to’g’onlar qurishdan voz kechgan maqul deydi.

Neki bo’lsa, barchasidan kecharmiz,
Xalqimiz himmatidan Rog’un qurilsin…
Elimiz boyligidan Rog’un qurilsin…

Bu mazmunidagi qo’shiq va da’vatlar, Rog’un GESi qurilishi borasidagi targ’ibot Tojikistonda shunchalar kuchli bo’lmoqdaki, ayrim xonadonlarda yangi tug’ilgan o’g’ilga Rog’unshoh ismini berishayotganiga guvoh bo'lasiz.

GES qurilishi Tojikiston fuqorolari ahilligi, milliy birlik mafkurasi, davlat siyosati va muzaffar kelajak ramziga aylangan.

Unga fuqarolar sarmoyasini jalb qilish maqsadida respublika hukumati GESning qariyib 7 milliard somoniylik aksiyalirini bosib chiqardi. Hozirgacha uning 700 million somoniyligi sotilgan. Bu 160 million dollar atrofida bo’ladi.

Respublika hukumati GESning dastlabki ikki agregatini yaqin ikki yil orasida ishga tushirmoqchi. Buning uchun taqriban 700 million dollarlik ish bajarilishi kerak.

Taxminiy hisoblarga qaraganda qurilishni batamom nihoyasiga etkazish uchun 3 milliard dollardan ortiq mablag’ zarur.

Tojikiston Islom Universiteti domullolaridan biri Rog’un qurilishini respublikaga o’ta muhim va hayotan zarur deb hisoblaydi.

“Rogun GESi qurilishi bugun ijtimoiy zaruratdir. Respublikamiz energetik mustaqillikka erishishi shart. Bu qurilishdan chetda qolgan, pulini bermasdan baxillik qilganlarni hech kim yoqtirmaydi”, - deydi u.

Nomini aytishni istamagan bir mahalliy savdogarning fikricha, GES aksiyalrining aholi orasida zo’rlik bilan o’tkazishga intilish holati xalqning noroziligiga sabab bo’lmoqda.

Ayrim tahlilchilar Rog’un GESi qurilishi regionda o’zaro ixtilof o’chog’iga aylanib borayotir deb hisoblashadi. Bir qancha vaqt ilgari bunday holatni Tojikistonlik o’zbek olimi Ilhom Yusupov juda xatarli hisoblagandi.

"Ba’zi rus tahlilchilari yozganidek, maqsad bitta, hayot-momot masalasini hal qiluvchi suvga yakka hokimlikka da’vogarlikdir. Bu degani gidroimperiyaga da’vogarlikdir. Markaziy Osiyoda suv siyosati hozir olov bilan o’ynashishdek gapga aylanmoqda",- degandi Yusupov.

Hozir uning fikricha bir-biriga etu-tirnoqdek bo’lgan Tojikiston va O’zbekiston orasidagi munosabatlarning sovuqlashishi eng yuqori cho’qqiga chiqqan..

Ilhom Yusupovga ko’ra, bugungi kunda har ikkala davlat rahbariyati ambisiyalarga berilmasdan, xalq faravonligi yo’lida o’zaro kelishuv va ahdlashuvga borishlari shart.

Tojikiston va O’zvekiston OAVlarida hozir biri-birini ayblovchi chiqishlar ko’paymoqda. Bunday chiqishlar GES qurilishi boshlanganidan so’ng O’zbekiston Bosh vazirining Tojikiston Bosh vaziriga norozilik ohangida bitgan maktubidan so’ng zo’rayib bormoqda.

Tojikistonlik o’zbek tadbirkori Husanboy Mo’minovga ko’ra har ikkala republikada ham rahbarlar xalqni gumrohlikka yetaklamoqda.

"Xalqni savodsizligidanmi,(bexabarligidan demoqchi) ba’zi birlar foydalanib har xil qarashlarda gapirilyapti. Lekin ikki davlat o’rtasida xalqni manfaati uchun ko’zlanadigan ish qilishlikni, xolis xizmat qilishlikni istardim",- deydi u.

"O’zbekiston televideniyesida ba’zi bir tashviqotlar yoki Tojikistonda bo’layotgan ishlarning ta’siri albatta bor",- deya qo'shadi Mo'minov.

"Bu kimning xatosi deganda, albatta, bu rahbar qilayotgan xato deb hisoblayman".

Tojikistonlik yana bir tahlilchi fikricha, ikki mamlakat o’rtasidagi bu ziddiyat xavfli qarama-qarshilikka yetishi mumkin.

“Yaqin vaqtgacha O’zbekiston ommaviy axborot vositalari haqida biror xabar tugul, hatto obu-havosini aytmasdi. Rog’un GESi qurilishi boshlanganidan so’ng O’zbekistonda Tojikiston haqida salbiy tushuncha tug’diruvchi negativ mulohazalar ko’payib bormoqda”, - deydi u.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG