Klinton Eronga qarshi sanksiyalar ko'rilayotganini aytmoqda


AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning Senatda hisobot berishicha, BMT Xavfsizlik Kengashida Eronga qarshi yangi sanksiyalar ustida ish ketmoqda. Shuningdek, deydi Klinton, AQSh-Suriya muloqoti natijasida bu mamlakatning Eron bilan aloqalarini cheklashga umid bor.

"Eronga yadro dasturini rivojlantirishga imkon bermaslik uchun bosim va sanksiyalarni oshirishda davom etamiz", - deydi Klinton Senat Tashqi aloqalari qo'mitasiga.

Xavfsizlik Kengashining ikki doimiy a'zosi - Xitoy va Rossiya Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga qarshi bo'lgan, ammo, deydi Klinton, bu mamlakatlar bilan so'nggi paytdagi muloqotlarda ularni sanksiyalar muhimligiga ishontirishga muvaffaq bo'ldik.

"Fors ko'rfazida qurollar poygasi avj olsa, vaziyat beqarorlashib neft ta'minotida uzilish bo'ladi. Bundan esa na Rossiya va na Xitoy manfaatdor", - deydi davlat kotibi.

Uning aytishicha, sanksiyalar Eron Qurolli kuchlari qanotlaridan biri - Inqilobiy gvardiyaga ham qarshi qaratilgan. So'nggi paytda uning mamlakat ichida ta'siri kuchayib, Eron harbiy diktaturaga yuz tutish ehtimoli kuchaygan.

Ayni damda kengash a'zolari sanksiyalar bo'yicha muzokara qilmoqda. Natijasi bir necha haftada ma'lum bo'ladi.

Qo'shma Shtatlar yaqinda 2005 yildan beri ilk bor Suriyaga elchi tayinlab, bu mamlakat bilan hamkorlikni yaxshilashga qiziqish bildirgan. Klinton nazarida bunday hamkorlik AQShning Yaqin Sharqdagi manfaatlari uchun zarur.

"Suriya bilan munosabatlar yaxshilansa, bu Iroqdagi vaziyatga ham ta'sir qiladi. Damashqdan Livan ichki siyosatiga aralashmaslik, Hizbullohni qurol bilan ta'minlamaslik, o'tgan yili Turkiya vositachiligida yo'lga qo'yilgan Suriya-Isroil muloqotini davom ettirish, Erondan uzoqlashish talab etiladi", - deydi Klinton.

Shuningdek, davlat kotibi Afg'oniston, Pokiston va Iroqdagi dasturlar uchun Kongressdan Davlat departamenti ehtiyojlariga 5 milliard dollar so'ragan. Pul qayta qurish ishlari, ekstremizmga qarshi kurash dasturlari va iqtisodiy taraqqiyot uchun sarflanadi, deydi u.

XS
SM
MD
LG