Breaking News

Amerikada chekadigan odamning ish topishi qiyin


Insoniyatni dardmand qiluvchi bosh omillardan biri - tamaki.

Doktorlar chekishni tashlang deb, kashandalarga yordam berishning yangidan yangi usullarni qidirish bilan ovora.

Bu orada Amerikada chekuvchilarni ishga olmay qo’ygan kompaniyalar soni ko’paymoqda.

Tamakiga bog’lanib qolgan odamlar tabiiyki imkoniyatlar cheklanganidan norozi.

Amerikada tamaki chekadigan kishilarga hozir ancha qiyin bo’lib qolgan. Qonunlar sharofati bilan jamoat joylarida bu narsa man etilgan. Hatto ba’zi binolarning yaqinida ham sigareta tutatib turish mumkin emas. Salkam o’n yil oldin qabul qilingan federal qonun asta-sekin ko’pchilik shtat va shaharlarda kuchga kira boshlagan.



Bugun qator kompaniya va kasalxonalar kashandalarni ishga olmaydi. Xodim chekib turib, qo’lga tushsa, darrov ishdan haydaladi.

Ba’zi gospital, tibbiy muassasalarda bo’lg’usi xodimlar tibbiy tekshiruvdan o’tadi. Qonda nikotin bormi, odam ishga olinmaydi.

Lekin ayrimlar “chekamanmi, yo’qmi, birovning ishi bo’lmasin”, deya e’tiroz bildiradi.

Kristi Edmonson hamshira. “Ishdan bo’sh vaqtimda nima qilsam, qilaman. Nega kasalxona bizga aql o’rgatadi?” den norozi bo’ladi u.

Kasalxona ma’muriyati rasmiylari xodimlarni shunaqa tekshirib turish kerak deb hisoblaydi.

“Sog’lom tan, sog’lom hayot degani bu. Bundan tashqari, vrach,hamshiralarga qarab bemorlar ham o’rganadi”,-deydi Memorial kasalxonasi ma’muriyati xodimi Jeyms Xobson.

AQShda tamaki chekadigan xodimlarning sog’lig’ini saqlash kompaniyalarga qimmatga tushadi. Sug’urta uchun ko’p to’lanadi. Ustiga ustak, kashandaning ishlash salohiyati, samaradorligi anchayiga past. Ular tibbiy ko’rik va muolaja uchun yiliga 3 ming dollar sarflaydi.

Amerikada bu xarajatni asosan ish beruvchi qoplaydi. Endi esa kompaniyalar “cheksang, o’zing javob berasan” qabilida ish tutmoqda.

Ko’pgina idoralar o’z xodimlarini tekshirishga o’tgan, bunday testlar kutilmaganda, to’satdan o’tkaziladi. Tabiiyki, ishchilar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar norozi.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti xulosasi shuki, har yili besh million odam chekish asorati – o’pka raki, yurak xastaligi va shu kabi boshqa kasalliklardan jon beradi. Kelasi 20 yil ichida bu son yiliga sakkiz millionga yetishi mumkin.

XS
SM
MD
LG