Tojikistonda besh gazeta ustidan sud ketmoqda


AQShning Tojikistondagi elchixonasi besh mahalliy gazeta ustida sud ishi borasida xavotir bildirmoqda. "Asia Plus", "Ozodagon", "Faraz", "Paykon" va "Millat" gazetalariga katta jarima solinishi va ular yopilishi mumkin.

Bu nashrlarda korrupsiya va adliya tizimi haqida tanqidiy maqolalar chop etilgan. Sud ishi Tojikistonda matbuot erkinligi va rivojiga zarba berishi aniq, deyiladi elchixona bayonotida. Joriy hafta "Asia Plus", "Ozodagon" va "Faraz" gazetalari faoliyati yuzasidan tinglov jarayoni o’tkazilgan. Prokuratura ularga 1,2 million dollarlik jarima solish niyatida.

Huquq faollari nazarida hukumat shu tariqa yakshanba kungi parlament saylovlari arafasida matbuotni jim bo’lishga majbur qilmoqchi.

Tojikistonda 2005 yilgi parlament, 2006 yilgi prezident saylovlari adolatsiz, yopiq o’tgan deb kelinadi.

Biroq so’z, matbuot erkinligi va saylovlar hozirda g’arb va AQSh uchun muhim bo’lmay qolgan, deydi tahlilchilar. Prezident Emomali Rahmon Afg’onistondagi urush masalasida xalqaro koalitsiyani qo’llab, Vashingtonning ko’nglini olgan. AQSh shu yil fevralida Tojikiston orqali Afg’onistonga noharbiy yuk olib o’tishga ruxsat olgan.

XS
SM
MD
LG