Obama: tibbiy tizim islohoti zarur, respublikachilar xohlasa-xohlamasa


Prezident Barak Obama sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishga urinar ekan, kecha muxolif respublikachi qonunchilar bilan kun bo’yi majlis qilgan.

Biroq bahs va tortishuvga boy, uzundan-uzoq bu uchrashuv natijasiz tugagan.

Prezident Obama boshliq demokratlar “islohot zarur, respublikachilar xohlaydimi-yo’qmi, tizimni o’zgartiramiz” demoqda.

Demokratlar haddan tashqari qimmatlab ketgan sog’liqni saqlash sistemasini yangilash kerak deya shu haqdagi qonun loyihasini olg’a surmoqda.

Respublikachilar esa bu taklifni rad etib, yangi loyiha bilan chiqish kerak deya yoq tirab olgan.

Prezident Obama nazarida tibbiy islohot masalasi mafkuraviy muammoga aylanmoqda. “Bunaqa kayfiyat-yondashuv bilan murosa qilish qiyin. Tibbiy xizmat qimmat ekani uchun undan foydalana olmayotgan millionlab amerikaliklar hayoti haqida gap ketmoqda. Siyosiy olishuvlarni chetga surib, bir qarorga kelish kerak”,-deydi prezident.

Respublikachi qonunchi, senator Lamar Aleksandr fikricha, demokratlar AQSh sog’liqni saqlash tizimini – xususiy sug’urta kompaniyalari hukmron sistemani isloh qilmoqchi-yu, lekin muxolifat bilan hisoblashmayapti.

Demokratlar taklifi shuki, tibbiy tizimda davlatning hissasi ko’proq bo’lsin, shunda hozir tibbiy sug’urtasi yo’q 30 million fuqaro davolanish, vrach xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ladi. Muxolifat nazarida davlat qarzi, kamomadi shundog’am oshib turgan paytda bu katta xarajat.

Senator Lamar Aleksandr muhokamani qaytadan boshlashni, hujjatni yangidan yozishni, taklif qilmoqda.

Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi bunga qarshi, minglab oilalar ko’p kutib tura olmaydi, deydi u.

XS
SM
MD
LG