AQSh-Pokiston: Terrorga qarshi hamkorlik natija bera boshladi


AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg’onistonda jangarilarga qarshi bosimni oshirar ekan, chegaraning narigi tomoni - Pokistonda ham Tolibon siquv ostida.

Yaqinda qabilaviy hududlarda Tolibon harakatining bir necha sobiq rasmiysi qo’lga tushgan. Bu terrorizmga qarshi kurashda muhim yutuqlardan, deydi harbiylar.

AQSh va Pokiston rasmiylari o’tgan bir oy ichida Tolibon yetakchilaridan bir nechasi o’ldirilgani va qo’lga olingani haqida ma’lumot tarqatdi. Bu Vashington va Islomobod terrorga qarshi kurashda og’zaki bayonotlardan vanihoyat ishga o’tganidan dalolat.

Tasnim Nuroniy, AQShda 2001 yil 11 sentyabr voqealari sodir etilgan davrda Pokiston ichki ishlar vaziri bo’lgan. Xalqaro terrorizmga qarshi urushda Pokistonni muhim ittifoqchi deb ko’rgan AQSh bu davlat bilan strategik hamkorlikni yo’lga qo’yadi.

Nuroniyning aytishicha, Pokistonda yashiringan toliblar AQSh istaganidek tezlikda qo’lga olinmagach aloqalar soviy boshladi.

“Hozirga kelib tomonlar bir-birini yaxshiroq tushuna boshlagan. Pokiston mahalliy toliblarni mag’lub qilishga jiddiy kirishganini isbotlamoqda va AQSh bundan mamnun”, - deydi sobiq vazir.

Amerikaning Afg’onistondagi urushi uchun javobgar harbiylaridan biri Deyvid Petreus yaqinda mintaqaga bo’lib, Pokiston strategiyasini ma’qullagan. Mahalliy armiya jangarilardan tozalangan hududlarda nazorat o’rnatib, so’ngra yangi front ochishni ko’zlamoqda.

Petreusning aytishicha, Karachi va Kvetta shaharlarida tolibon yetakchilari ushlangani ham razvedka bobidagi yutuqlar sirasidan.

Pokistonlik tahlilchi Tanvir Xon fikricha Tahrik-e Tolibon nomi bilan tanilgan mahalliy jangarilar ham, afg’on Toliboni ham markaziy hukumatga bir xil tahdid solmoqda. “Birgalikdagi sa’y-harakatlarning mazmun-ma’nosi ham shunda”.

Shu kunlarda Afg’oniston janubida NATO va afg’on qo’shinlari yirik harbiy operatiya o’tkazmoqda. Urushni prezident Barak Obama ta’kidlaganidek bir yarim yil ichida yakunlash juda qiyin bo’ladi, deydi Tanvir Xon.

“Afg’on missiyasi uzluksiz emasligi va xorijiy qo’shin kelasi yil mintaqani tark etishi Pokistonga ayon. Islomobod missiya yakuniga munosib hissa qo’shishni istaydi”, - deydi ekspert.

Ammo Pokiston nazarida eng katta tahdid Afg’onistonda emas, azaliy raqibi Hindistonda ekanini unutmaslik kerak. AQSh o’rtaga tushib, tinchlik muzokaralariga faol vositachi bo’ladi degan umidlar oqlanmadi, deydi sobiq vazir Tasnim Nuroniy.

“Hindiston-Pokiston munosabatlari tarangligicha qolmoqda. Ko’pchilik nazarida AQSh bu ikki davlatni yaqinlashtirish vazifasini uddalay olmayapti. Buning ahamiyati shundaki, do’stlik shartnomasi butun e’tiborni Afg’oniston bilan chegaraga qaratishga imkon beradi”, - deya tushuntiradi Tasnim Nuroniy.

25 fevral kuni Dehlida Hindiston va Pokiston o’rtasida yuqori darajadagi uchrashuv bo’lib o’tdi. 2008 yilgi Mumbay xurujlaridan beri ilk muloqot.

XS
SM
MD
LG