Chilida kuchli zilzila, o'lganlar soni oshib bormoqda


Chilida ro’y bergan zilzila tarixda qayd etilgan eng kuchlilaridan bo'lib, hozirgacha 700 dan oshiq odam nobud bo'lgani ma'lum.

Yer silkinishlari Janubiy Amerikaning boshqa hududlarida ham qayd etilgan bo'lib, qo'shni Argentinada ikki kishi o'lgan.

Chilida zilzila kuchi Rixter shkalasida 8.8 ballni tashkil etib, mamlakat infratuzilmasiga jiddiy ziyon yetkazdi. 1,5 million uy-joy va binolar vayron bo'lgan.

Qurbonlar soni oshib bormoqda. Prezident Mishel Bacheley favqulodda holat e’lon qilgan, ammo hozircha tashqi yordamga ehtiyoj yo'q demoqda.

Chili poytaxti Santiago hamda Konsepsion shahri tabiiy ofatdan eng ko’p zarar ko’rgan hududlar. Santiago xalqaro aeroporti vaqtincha yopiq, parvozlar Argentina hududi orqali amalga oshirilmoqda.

Mintaqadagi seysmik holatni kuzatib turgan mutaxassislar tsunami xavfi haqida ogohlantirgan edi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi barcha davlatlar, jumladan Avstraliya, Yangi Zelandiya, Filippin, Tayvan, Indoneziya va AQShning Gavayi orollaridan minglab odam evakuatsiya qilingan.

Zilzila ta'sirida yuzaga kelgan toshqin Yaponiya va Rossiya qirg'oqlariga yetib borgani ma'lum, ammo tsunami kuchi kutilganidek halokatli darajada emas. Shunga qaramasdan aholi balandroq joylarga ko'chirilgan.

Tinch okeanida 2004 yilgi tsunami fojeasida 230 ming kishining yostig'i qurigan, millionlab odamlar boshpanasiz qolgan edi.

XS
SM
MD
LG