Breaking News

Iroqdagi saylovlarda sunniylarning ishtiroki chegaralanishi mumkin


7 mart kuni Iroqda parlament saylovlari o'tadi. Xalq zo'ravonliklar, og'ir turmush sharoiti, siyosiy beqarorlik va korrupsiyadan to'ygan. Saylovlar ijobiy o'zgarishlar keltirishiga umid kam.

Parlamentdagi 325 o'rin uchun sunniy, shia, kurd va boshqa millat va din vakillari da'vogarlik qilmoqda.

Saylov kampaniyasini yaqindan kuzatayotgan vashingtonlik tahlilchi Maykl Naytga ko'ra, saylovchilar qanday ovoz berishini aytish qiyin.

"Mazhabi va millatiga qarab ovoz beradimi yoki nomzodlar sifatiga qarabmi", - deydi Yaqin Sharq siyosati instituti mutaxassisi.

Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi tahlilchisi Genri Barki esa aksincha, kim qanday ovoz berishini bashorat etish qiyin emas deydi.

"Shialar shialarga, sunniylar sunniylarga, kurdlar kurd partiyalariga ovoz beradi. Siyosiy tizim chuqur oldiz otsagina, fuqarolar siyosatga qarab saylaydi".

Mutaxassislar nazarida partiyalar blokka birlashmaydi. Ammo yangi hukumatni tuzish uchun koalitsiya kerak bo'ladi. Bu esa yirik partiyalardan maydaroq guruhlar bilan muzokara qilishni talab etadi. AQShning Iroqdagi elchisi Kristofer Xillning aytishicha, yangi hukumatni tuzish oson bo'lmaydi. Bunga oylar ketishi mumkin.

"Sunniylarning ba'zilari shialar boshqaruvi ostidagi hukumat bilan muloqotdan o'zini nari tutmoqda. Ammo uning tarkibida sunniy siyosatchilar ham bor. Yangi hukumatda ham shunday bo'ladi, deb o'ylayman", - deydi Xill.

Uning aytishicha, shia siyosatchilarning aksariyati o'z lavozimida qolsa-da, Bosh vazir Nuri al-Malikiy taqdiri noma'lum.

"Malikiy sunniy va shialar foydasini ko'zlagan arab millatchiligi g'oyasi kurdlarga qarshi qaratilgan deb norozilik bildirgani uchun mavqeiga putur yetgan", - deydi tahlilchi Barki.

Sunniylardan iborat al-Qoida guruhi shialarga qarshilik bildirib, saylovlardan oldin xurujlar uyushtirmoqda. Bu bilan ular fuqarolarning saylovlarga chiqishiga to'sqinlik qilmoqchi.

Saddam Husaynning Baas partiyasiga aloqadorlik gumoni bilan 500 ga yaqin sunniy nomzod saylovlarda ishtirok etishdan mahrum etilgan. Ammo Iroq hukumati Saddam Husayn armiyasida xizmat qilib, 2003 yilda AQSh istilosidan so'ng qurolli kuchlardan haydalgan 20 mingga yaqin ofitserni armiyaga qayta yollagan. Taxminlarga ko'ra, bosh vazir bu bilan sunniylar ovozlarini olishga intilyapti.

AQSh elchisi Kristofer Xill ishtiroki man etilgan nomzodlarga ruxsat berilsa, saylovlar ancha demokratik deya tan olinardi, deydi.

Ba'zi sunniy guruhlarning yirik koalitsiyadan chiqishi saylov natijalari shubhali bo'lishi mumkin degan xavotir uyg'otmoqda. Bu esa, deya tashvish bildiradi AQSh va BMT, munozaraga sabab bo'lib, zo'ravonliklarga yo'l ochishi va AQSh askarlarini Iroqdan chiqarish rejasining o'zgarishiga olib kelishi mumkin. Ammo elchi Xill qo'shinlar saylov natijalaridan qat'iy nazar chiqariladi, deydi.

XS
SM
MD
LG