31 yoshli amerikalik islom dunyosi bilan aloqalarga mas'ul


Rashid Husayn hindistonlik musulmon muhojir oila farzandi. 1978 yilda Vayoming (Wyoming) shtatida dunyoga kelgan.

Yaqinda prezident Barak Obama uni Saudiya Arabistoni poytaxti Jiddada asoslangan Islom Konferensiyasi Tashkilotiga maxsus vakil etib tayinladi.

Bu uyushmaga 56 mamlakat a’zo, jumladan, Markaziy Osiyodagi besh respublika va qo’shni Afg’oniston.

Obama o’tgan yili Misr poytaxti Qohiradan turib musulmon ahliga murojaat qilar ekan, “Amerika tinchlik va hamjihatlik tarafdori” deya bong urgan edi.

Obama Islomiy Konferensiya Tashkilotidan hamkorlik, do’stona va oshkora muloqot kutmoqda. Bu organga kiradigan davlatlar aholisi bir yarim milliardga yaqin.

Rashid Husayn "Vashington Post" (The Washington Post) gazetasi bilan suhbatda, Amerika musulmon jamiyatlar bilan faqat terrorizmga qarshi kurash yo’lida emas, ta’lim va maorif, ilm-fan, texnologiya, sog’liqni saqlash va tijorat sohalarida faol hamkorlikni yo’lga qo’yishi kerak degan.

“Siyosiy va’da va bayonotlardan aniq qadamlarga, amaliy ishlarga o’tish kerak”, - deydi Rashid Husayn.

Lekin u AQSh uchun musulmon davlatlari bilan til topishish oson kechmasligini tushunadi.

“Har sohada kelisha olmasligimiz tayin”,- deydi Rashid Husayn prezident Obamaning bu boradagi gaplarini takrorlar ekan, “ammo xalqlarni, insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan sabablar bisyor. Musulmonlarni qiynayotgan muammolar bizga ma’lum va Amerika diqqatni ana shu masalalarga qaratadi”,- deydi u.

Shimoliy Karolina Universiteti va Yel Universiteti singari nufuzli oliygohlarni bitirgan Rashid Husayn Quro’ni Karimni yoddan biladi. Rafiqasi Isra Bxatti hijobda yuradi va hozirda Yel universitetida turmush o’rtog’i kabi huquqshunoslik sohasida bilim olmoqda.

“Biz haqiqiy amerikalikmiz”,- deydi Rashid Husayn. Besh mahal namozni u ishxonasida, Oq Uyga tutashgan idorada o’qiydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG