BMT: Ayolni xo'rlagan jamiyat ravnaq topmaydi


BMT nazarida xotin-qizlar ko’plab davlatlarda ancha oyoqqa turib olgan va o’zlarini erkin fuqarolar deb biladi.

Lekin yana bir haqiqat shuki jahon bo’ylab millionlab ayollar hamon azob-uqubatda, qashshoqlik va zo’ravonlik domida kun kechirmoqda.

BMT Bosh kotibi o’rinbosari Asha-Roza Migiro Nyu-Yorkda o’tayotgan xalqaro anjumanda xotin-qizlarni birdamlikka undamoqda.

Migiro xonim fikricha, ayollar teng huquqli insonlar sifatida ko’rilishni istasa, buni o’zlari talab qilishni o’rganishi lozim.

Bu oson emas, deydi u, biroq ko’plab jamiyatlarda ayollar bunga erisha olgan.

“Xotin-qizlar bugun jamiyatning har bir jabhasida o’ziga xos, nufuzli o’ringa ega ekanini ko’rayapmiz. Bu uzoq va og’ir mehnat mahsuli. Ayollar bilimli, siyosat va qonunni tushungan joylarda turmush darajasi ham baland”,-deydi BMT rasmiysi.

Bugun jamoatchilik jinsiy tenglik degan tushunchaga o’rgangan. Uni yoqtirmagan insonlar ham bunga ko’nikishga, uning mag’zini chaqishga majbur, deydi BMT bosh kotibi muovini. Chunki ayollar erkaklar bilan teng imkoniyatga ega bo’lmasa, iqtisodiy rivojlanish bo’lmaydi, jamiyat ravnaq topmaydi.

O’tgan yili BMT ayollar huquqini ta’minlash yo’lida ikki hujjat qabul qilgan. Biriga binoan tashkilot jinsiy zo’ravonlikka qarshi kurashni kuchaytirmoqda. Maxsus idora tuzilib, har bir a’zo davlatda jinsiy tajovuz qanday jazolanishi tekshiriladi.

Ikkinchi rezolyutsiya asosida esa BMT shu kungacha xotin-qizlar taraqqiyoti sohasida ishlagan barcha agentliklarini birlashtirib, yagona va effektiv bir sistema tuzishni ko’zlamoqda.

Britaniyada Ayollar va Tenglik bo’yicha vazira Xarriyet Xarman bu yangi agentlikka xotin-qizlar maqomini yuksaltirishdek vazifa yuklansin deydi.

“Maqsad xotin-qizlarni quvvatlash, dunyoning biz bilmagan qismlarida sukutda va azobda yashayotgan insonlar huquqini himoya qilish bo’lsin”,- deydi u.

Nyu-Yorkda BMT bosh qarorgohida o’tayotgan konferensiya 12 martgacha davom etadi.

Eng ko’p quloqqa chalinayotgan faktlardan biri - rivojlanayotgan, ya’ni kambag’al jamiyatlarda ayollar erkaklarga qaraganda ko’p va ular eng kam daromad oladigan toifa vakillari.

Ikkinchidan, xotin-qizlar ta’limi ko’plab hukumatlar uchun muhim masala emas. BMTga yig’ilgan faollar ana shu muammolarga qarshi amaliy choralar talab qilmoqda.

XS
SM
MD
LG