Breaking News

Tojikiston muxolifati saylov natijalari bo'yicha sudga shikoyat qilmoqchi


Tojikistondan olingan so'nggi ma'lumotlarga ko'ra, prezident Emomali Rahmon raisligidagi Xalq demokratik partiyasi parlamentning quyi palatasiga o'tgan saylovlarda 71,6 foiz ovoz olgan. Yakuniy natijalar 10 kun ichida ma'lum bo'ladi. Xalqaro kuzatuvchilar jarayon qonunbuzarliklar bilan o'tganini qayd etmoqda.

Tojikiston Saylov komissiyasiga ko'ra, 5 foizlik to'siqdan o'ta olmagan uch partiya parlamentdagi o'rinlarini boy bergan. Bular Sotsial-demokratlar, Sotsialistlar va Demokratik partiyalar. Barchasi bir foizdan kam ovoz to'plagan. Quyi palatada prezidentning partiyasidan tashqari yana 4 partiya qolgan. Salkam 8 foiz ovoz olgan Islom uyg'onish partiyasi va kommunistlar ikkinchi va uchinchi o'rinlarda. Yana ikki partiya bazo'r 5 foizlik to'siqdan o'tgan - Agrar va Iqtisodiy taraqqiyot partiyalari.

Xalqaro va raqib partiya kuzatuvchilari qonunbuzarliklar ko'p bo'lganini ta'kidlaydi.

Tojikiston Mustaqil ommaviy matbuot vositalari milliy uyushmasi raisi Nuriddin Qarshiboyevning aytishicha, mustaqil kuzatuvchilar bir kishining butun oila nomidan ovoz berganiga, ba'zi joylarda esa saylov uchastkasi vakillari muayyan bir nomzod uchun ovoz berilishini so'rab, saylov qutilari bilan uyma-uy yurganiga guvoh bo'lgan.

Hukmron partiya g'alabasiga shubha bo'lmagan, deydi Qarshiboyev. Mutaxassisga ko'ra, quyi palatadan o'rin ololmagan sotsial-demokratlar ovozlar o'g'irlangan deb, sudga shikoyat qilishi kutilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzoali Boltiyev hisobicha, jami saylovchilarning 87 foizi jarayonda ishtirok etgan. Ammo Nuriddin Qarshiboyev raqamga shubha bilan qaraydi.

"Menimcha, bu haqiqatdan yiroq, chunki saylov kampaniyasi davrida ham, saylov kuni ham odamlarning jarayonga nisbatan befarqligini ko'rish mumkin edi. Ko'pchilik saylovga chiqmagan", - deydi mustaqil ekspert.

Saylovlarni birvarakayiga bir necha tashkilot vakillari nazorat qilgan. Mahalliy kuzatuvchilardan tashqari Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti missiyasi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidan ham kuzatuvchilar bo'lgan. Yevropa missiyasi saylovda qonunbuzarlik hollarini ta'kidlagan bo'lsa, ShHT va MDH kuzatuvchilar, deydi Nuriddin Qarshiboyev, har doimgidek, jarayon ochiq va adolatli degan xulosa chiqargan.

Sotsial-demokratlardan tashqari Islom uyg'onish partiyasi ham sudga shikoyatnoma yo'llamoqchi. Partiya raisi Muhiddin Kabiriyning aytishicha, islomchilar saylov komissiyasi aytganidek 7,7 emas, 30 foiz ovoz olgan. Bundan tashqari, deydi u, partiya tarafdorlari norozilik namoyishi ham o'tkazishi mumkin. Biroq ba'zilar nazarida partiya nomzodlarining ko'proq ovoz ololmaganida ularning o'zlari aybdor.

Tojikistondagi saylovlarga Qo'shma Shtatlar ham munosabat bildirgan. Saylovlarni kuzatishda ishtirok etgan AQSh elchixonasi bayonotida qonundan chetga chiqish hollari tilga olinadi. Saylov uchastkalari vakillari hukmron partiyaga yon bosgan. Kampaniya davrida Xalq demokratik partiyasiga keng imkoniyat va resurslar berilgan. Davlat televideniyesi nomzodlar orasida telemunozara o'tkazishdan bosh tortgan. Hukumat rasmiylarining 5 gazetani sudga bergani saylov kampaniyasi davrida mustaqil matbuotning siyosiy masalalarni ko'tarishiga to'sqinlik qildi.

XS
SM
MD
LG