Qo'shma Shtatlar Vakillar Palatasida tilovat


Bugun Amerika xalqi juda g'ayritabiiy bir siyosiy manzaraga guvoh bo'ldi.

Kongress - bu davlat tizimidagi oliy bir organda musulmon tilovat keltirdi.

Abdulla Antepli ismli imom 435 a'zolik Vakillar Palatasiga taklif etildi.

Gap shundaki, palataning har bir a'zosi yangi sessiya ochilayotganida ibodat qilish uchun chetdan ruhoniy olib kelish huquqiga ega.

Shimoliy Karolina shtatidan saylangan Deyvid Prays, demokrat kongressmen, bu imkoniyatdan foydalanib, musulmon yetakchini chaqirgan.

Abdulla Antepli Shimoliy Karolina shtatidagi Dyuk Universitetida islomiy markazni boshqaradi va e'tiqoddan dars beradi.

Din va hokimiyat bir-biriga aralashmasligi kerak deb ishonuvchi bu jamiyatda shunday qoida bor: Kongress huzuriga kelgan peshvo 150 so'zdan ortiq gapirmasligi kerak. Abdulla Antepli esa biror bir qarshiliksiz 188 kalima keltirdi.

36 yoshli taqvodor Ollohdan Kongress a'zolariga sihat-salomatlik so'radi.

"Ollohim, bu insonlarga insof ber. Ular qashshoqlik, loqaydlik, nafrat va kamsitishga qarshi kurashishi uchun o'zing madad ber", - deya iltijo qildi.

"Amerika Ovozi"da mehmon bo'lgan Abdulla Antepli bu jamiyat ijtimoiy jihatdan bag'oyat xilma-xil deydi.

Ayniqsa musulmonlar bir elatdan emas, balki dunyoning jamiki burchaklaridan yig'ilgan. Ular o'zida turli urf-odat va qarashlarni mujassam etadi.

Amerikada qariyb yetti million musulmon yashaydi.

Turkiyada tug'ilgan Abdulla Antepli fikricha AQShda amaldorlar islom haqida ko'proq bilishga, musulmonlar bilan suhbat qurib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni tushunishga harakat qilmoqda.

"Bu murakkab bir jarayon", deydi imom, "biroq harakatda barakat".

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG