Orxideyalar makonida - Vashington botanika bog'iga sayohat


Orxideya guli asrlar davomida insonni o’ziga rom qilib kelgan tropik o’simlik.

Olimlarning aytishicha, bu gulni Antarktikadan tashqari dunyoning boshqa barcha burchaklaridan topasiz.

Har yili shu paytda Amerika poytaxtidagi botanika bog’i orxideya makoniga aylanadi.

Klayv Atyeo bog’bon, yarim asrdan beri orxideya o’stiradi. Mana 17 yildirki botanika bog’idagi gullarga qaraydi. “Ular hayotim mazmuni” deydi u.

"Orxideyalar va rafiqam. Menga hayotda boshqa hech kim va narsa kerak emas…”,- deydi u.

Bu bog’da sakkiz ming orxideya va uning besh mingdan ortiq xili bilan tanishasiz.

Ularni parvarishlash qiyin emas, deydi mutaxassislar, ardoqlasangiz bas.

“Ko’pchilik bu gul haqida bilmaydi. Lekin ko’rgach ishqi tushib qoladi. Ulardan ko’zni uzish qiyin. Go’zallik axir shu emasmi”?- deydi Klayv Atyeo.

U bu bog’dagi har bir o’simlikka o’z bolasidek qaraydi.

Har bir o’simlikning tarixi, tarjimai holi bor.

Qanday kasalliklarga uchraydi, nimani yoqtirib-yoqtirmaydi.

Tuvakdan tuvakka ko’chirish juda nozik jarayon.

“Orxideyalar tez kasallanadi. Ularni virusdan saqlash juda qiyin. Tinimsiz dori berib turamiz”,- deydi bog'bon.

Butun mamlakatdan va chet eldan kelgan gulsevar insonlar bog’ni kezib hordiq chiqaradi.

Ko’rgazma mayda ish. Gullar avval parnikda parvarishlanib, keyin Kapitoliy qarshisidagi bu boqqa keltiriladi.

Ko’rgazma aynan gullar qiyg’os ochilgan paytda o’tadi.

Orxideya bir ochilsa, uzoq vaqt shunday turadi. Hidi ham kuchli, bag’oyat xushbo’y.

Orxideya juda qimmat o’simlik. Ayrim turlari minglab dollarda baholanadi.

"Odamlar bu yerga kelib dam oladi. Bog’-rog’larsiz yashay olmagan bo’lardik axir”,- deydi ko'rgazmaga kelgan mehmonlardan biri.

XS
SM
MD
LG