Klinton turk-arman mojarosiga doir hujjatni qabul qilmaslik tarafdori


Birinchi jahon urushi davrida Usmoniylar imperiyasi armanlarga qarshi qatliomni amalga oshirgan degan da’vo bugun AQSh Kongressida muhokamada.

Maxsus komissiya voqeani genotsid deya tan oladimi-yo’qmi – noma’lum.

Xulosa, Turkiya-AQSh aloqalariga ta’sir qilishi aniq. AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton hujjatning foydasidan zarari ko’p, deb uni qabul qilmaslikka undamoqda.

AQSh Kongressi Vakillar Palatasida maxsus komissiya bugun masalani ovozga qo’yadi. Qonunchilar “XX asr boshida usmoniy turklar armanlarni qirgan va bu genotsid” deb tan olishi ehtimoldan xoli emas.

Armanlarning aytishicha, o’shanda 1,5 million odam o’lgan. Biroq Turkiya nazarida bu raqam bo’rttirilgan; urush paytida armanlar va turklar birday talofat ko’rgan.

Turkiya hukmron va muxolif partiya vakillaridan iborat delegatsiya shu damda Vashingtonda va AQShni o’ylab qadam bosishga chaqirmoqda.

“Turkiya va AQSh bir-biriga tayanib keladi”,-deydi bosh vazir muovini Jamil Jijek. “Yarim asrlik hamkorlikni yo’qqa chiqarish to’g’ri emas”, -deydi u.

O’tgan yili Turkiyaga safar qilgan prezident Barak Obama turk-arman mojarosiga nisbatan genotsid so’zini ishlatmaslikni ma’qul topdi. AQSh rahbari asosiy e’tiborni Turkiya-Armaniston aloqalarini yaxshilashga qaratish zarur, masala yechimi mana shu ikki davlatning o’ziga qolgan, deydi.

Uzoq yillik ziddiyatdan so’ng nihoyat Turkiya va Armaniston o’tgan yil kuzida rishtalarni tiklash borasida protokol imzolagan. “AQSh genotsid haqidagi majlislari bilan ishning beliga tepishi mumkin”, - deydi Turkiya rasmiylari.

“Iroqda AQSh qo’shinlari uchun yukning 70 foizi Turkiyadan o’tadi”, - deydi Egeman Bag’is, Turkiyaning Yevropa masalalari bo’yicha vaziri. “NATOga a’zosimiz, harbiy amaliyotlarda qatnashib kelamiz. Yaqin Sharqda nufuzimiz baland. AQSh oqibatini o’ylamayapti”, - deydi u.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun komissiya a’zolari bilan gaplashib, hujjat Turkiya-Armaniston aloqalariga qattiq zarar qilishi mumkin, degan.

AQSh Kongressidagi maxsus komissiya rezolyutsiyani ma’qullasa, hujjat har ikki palataga oshiriladi. Yillar davomida ko’rib kelingan bu masala shu paytgacha komissiya e’tiboridan nariga o’tmagan.

XS
SM
MD
LG