Qirg'zistonda homilador ayollar orasida o'lim hollari ko'paygan


Qirg’izistonda rasmiy hisoblarga ko’ra homilador va emizikli bolasi bo’lgan ayollar orasida o’lim hollari keng tarqalmoqda.

Bu raqam ayniqsa, O’sh viloyatida eng yuqori ekani aytilmoqda. Mutaxassislar nazarida ushbu fojialarning asosiy sababi turmush sharoiti.

O’sh viloyat tug’ruqxonasi bosh shifokori Gulbara Kenjaboyevaning aytishicha, ushbu fojialarda nafaqat shifokorlar, balki aksar hollarda ayollarning o’zlari, ularning turmush sharoiti aybdor.

“Bizning tug’ruqxonada 17 ayol o’limi qayd qilingan. Ularning 9 nafari homiladorlik paytida mutaxassis kuzatuviga turmagan. Ular Qozog’iston va Rossiyadan kelgan. U yerda tibbiy xizmat qimmatligi sabab o’z vatanlariga qaytishgan. O’lganlarning birida oqqon kasalligi topildi, yana birida tuberkulyoz. Bundan tashqari ikki ayolimizda oxirigacha davolanmagan kasalliklar topildi”, - deydi mulozima.

Mutaxassislar fikricha homilador ayollarning ko’pchiligi xorijga tirikchilik maqsadida ketgan bo’lib, u tomonlarda shifokor kuzatuviga turmagan. Ba’zi juvonlarning o’limiga ularning eski kasallari sabab bo’lgan. Ayollar o’z paytida yaxshi davolanmagan.

“Ayollar xorijga ishlagani ketishayapti. Faqat tuqqani kelishadi. Ichki mehnat muhojiroti ham o’z ta’sirini ko’rsatayapti. Tumanlarda, qishloqlarda ish yo’q. Shaharga kelishgandan so’ng adreslari noma’lum. Shu sababli kuzatuvdan chetda qolishayapti”, - deydi taniqli ayollar shifokori Saodat Karimova.

O’sh viloyat tug’ruqxonasidan olingan axborotga ko’ra, mintaqada har 100 ayolning 80 nafari kamqonlikdan jabr tortadi. Mutaxassislar fikricha zikr qilingan xastalik boshqa kasalliklarni ham qo’zg’aydi va og’irlashtiradi.

Shifokorlarning aytishicha, qiz-juvonlar yaxshi ovqatlanmaydi, homiladorlik paytida choy-non yoki vitamini kam yemaklar bilan cheklanadi.

Ayollar o’limi mamlakatda keng tortishuvlarga sabab bo’lgan. Bir necha tug’ruqxona rahbarlari ishdan olingan yoki ma’muriy jazolarga tortilgan. Qirg’iziston parlamenti deputati Zulhabira Bekenova nazarida shifokorlarni jazolash muammoni hal qilmaydi.

"Onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalarini chuqurroq o’rganish darkor. Ayollarga yoshligidan kerakli shart-sharoit yaratmoq lozim. Qolaversa, shifokorlarning ham malakasini oshirish kerak", - deydi deputat.

“Sovet Ittifoqi davrida mutaxassislar Moskva, Leningrad, Toshkent va boshqa yirik markazlarda malaka oshirish imkoniga ega bo’lgan. Hozir esa faqat o’z o’lkamizda. U ham yetarli darajada emas”,- deydi Saodat Karimova.

“Har bir ona o’z vaqtida mutaxassis nazoratida turishi kerak. Xorijga ketayotgan bo’lsa mutaxassis tekshiruvidan o’tishi shart. Har bir ayol o’z sog’lig’iga e’tibor bersa, noxush hodisalar kamayadi’, - deydi O’sh viloyat tug’ruqxonasi bosh shifokori Gulbara Kenjaboyeva.

Qirg’izistonda onalik va bolalik borasida davlat dasturlari mavjud. Gap o’sha tadbirlarni amalga oshirishda, deydi kuzatuvchilar.

XS
SM
MD
LG