Breaking News

Xorijdagi iroqliklar parlamentga ovoz bermoqda


Ertaga Iroq xalqi yangi parlamentni saylar ekan, bugun xorijda yashayotgan iroqliklar ovoz bermoqda. Iroqning kamida 14 davlatdagi elchixonalarida saylov uchastkalari tashkillashtirilgan. BMTning qochqinlar bo'yicha agentligi hisobiga ko'ra, 2 millionga yaqin iroqlik mamlakat tashqarisida yashaydi, aksariyati Suriya va Iordaniyada.

Iroqning o'zida esa, asosiy saylovlar yakshanba kuni o'tkaziladi. Bu Saddam Husayn ag'darilganidan beri 325 o'rinlik parlament uchun ikkinchi saylovlardir.

Jarayon yaqinlashgan sari mamlakatda zo'ravonliklar kuchaymoqda. Kecha poytaxt Bag'doddagi saylov uchastkalari yonida bomba portlab, 15 kishi o'lgan.

28 millionlik aholining 19 millioni saylash huquqiga ega. Saylov kuni xizmatda bo'ladigan fuqarolar konstitutsion burchini kecha ado etgan. Bular zobitlar, politsiya, tibbiy xizmatchilar, kasalxonadagi bemorlar va mahbuslar. Jami bir millionga yaqin fuqaro.

Ba'zilari ismlari saylov qog'ozida bo'lmaganidan shikoyat qilgan. Boshqalari esa ovoz berganidan mamnunligini yashirmadi.

Iroqlik bir zobitning aytishicha, kim bo'lishidan qat'iy nazar, mamlakatni qayta qurish va unga xizmat qilishga tayyor insonlar saylanishi muhim.

Kasalxona xizmatchisiga ko'ra esa iroqliklar bu kunni intizorlik bilan kutgan. Saylanganlar ahvolimizni yaxshilashga yordam beradi degan umiddaman, deydi u.

Saylovlarda sunniy, shia, kurd va boshqa din va elat vakillari ishtirok etadi.

Iroq Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zeboriyning aytishicha, qo'shni davlatlar saylovlarga diqqat bilan qaramoqda, chunki uning natijalari Iroq va mintaqa kelajagiga ta'sir qiladi.

"Saylovlar yaxshi o'tsa, amerikaliklar chiqib ketadi. Muammolar bo'lib, munozara va noroziliklar kuchaysa, Iroq yana zo'ravonliklar domiga tortilsa, xavfsizlik yomonlashsa, vaziyat o'zgarishi mumkin".

Prezident Obama AQSh qo'shinlarini Iroqdan avgust oxirigacha chiqarishga va'da bergan.

XS
SM
MD
LG