Afg'on hukumati matbuot faoliyatini cheklashi mumkin


Afg'oniston jangari xurujlarining televideniye orqali bevosita yoritilishini cheklash arafasida ekan, xalqaro jamoatchilik Karzay hukumatini so'z erkinligini bo'g'maslikka chaqirmoqda. BMTning Afg'onistondagi vakili Kay Aydening aytishicha, afg'onlar o'z hayotiga taalluqli axborot olishga haqli.

O'tgan oy Kobulda jangarilar xuruj uyushtirganida mahalliy matbuot voqea sodir bo'lgan joydan uni yoritib, huquq tartibot organlari tanqidiga uchragan edi. Hukumatga ko'ra, ommaviy axborot vositalari bu bilan ham muxbirlari, ham politsiya hayotini tahdid ostiga qo'ygan.

General Abdul Hadi Xolidning Amerika Ovoziga aytishicha, jonli efirning foydadan zarari ko'proq. Xurujlarni 1-2 kishi amalga oshirgani bilan ko'p sonli to'da odatda sahna ortida bo'ladi va matbuotning ba'zida muhim hisoblangan axborotni jamoatchilikka yetkazishi natijasida qolgan jangarilar ushlanmay qolib ketadi.

Generalga ko'ra, xuruj ortida butun boshli tarmoq turadi.

"Bir kishi ma'lumot to'plasa, boshqasi atrofga ko'z-quloq bo'lib turadi, yana biri ma'lumotni telefon orqali boshqalarga yetkazib turadi".

General Xolid 2008 yilda Hindistonning Mumbay shahridagi xurujlarni misol qilib keltirar ekan, ularning televideniye orqali jonli yoritilishi natijasida nafaqat aholi, balki jangarilar ham vaziyatdan boxabar bo'lib turgan, deydi. Unga ko'ra, jangarilar televizorda ko'rganini voqea manzilidagi sheriklariga yetkazib turgan.

BMT elchisi Kay Aydening aytishicha, demokratik jamiyat aholisi ma'lumot olishga haqli.

"Men matbuot erkinligi va axborot olish huquqi tarafdoriman. Ayniqsa odamlarning hayotiga tegishli voqea va hodisalarga kelganda", - deydi u.

Afg'oniston Jurnalistlar uyushmasi prezidenti Rahim Mulla Samandar bu fikrga qo'shiladi. Uning aytishicha, biror joyda portlash yoki xuruj bo'lsa, kobulliklar darrov televizorni yoqadi.

"Odamlar vaziyatni bilmoqchi bo'ladi. Oila a'zolari ko'chada bo'lsa, xavotir oladi. Menda ham shunday. Do'stlarim omonmikan, yaqinlarim qayerda ekan degan xayollarga cho'maman. Shunda matbuotdan aniq va ravshan ma'lumot olishga harakat qilaman", - deydi Samandar.

Ba'zi muxbirlar afg'on maxsus xizmati ularga xuruj joyidan xabar berishini taqiqlamoqchi ekanidan shikoyat qilmoqda.

Biroq prezident Hamid Karzay matbuot kotibi Vohid Umar bunday gaplarni safsata deb, hukumat politsiya va jurnalistlar hayotini himoya qilish maqsadida ba'zi qoidalarni joriy qilmoqchi, deydi.

"Bu ish matbuot faoliyati va aholining axborot olish huquqlarini cheklamasdan qilinadi, degan umiddamiz", - deydi u.

AQShning Jurnalistlarni himoyalash xalqaro qo'mitasi muvofiqlashtiruvchisi Bob Ditsning aytishicha, xuruj bilan bog'liq vaziyatni to'g'ridan-to'g'ri yoritish juda muhim, qoidalarni esa jurnalistlarning o'zi belgilashi kerak.

Dits qo'shni Pokistonni misol tariqasida keltiradi.

"U yerdagi jurnalistlar jangari hujumlarini yoritishga doir qoidalar ishlab chiqqan. Ular voqea joyidan bevosita kadr uzatmaslikka kelishib olgan", - deydi Dits.

2000 jurnalistni o'z ichiga olgan Afg'oniston Jurnalistlar uyushmasi rahbari Rahim Mulla Samandar masalani hukumat bilan muhokama qilishga tayyormiz, deydi.

"Afg'on rasmiylari qaror chiqarishdan avval muxbirlar bilan maslahatlashsa yaxshi bo'lardi", - deydi u.

Samandarning shikoyat qilishicha, hukumat rasmiylari shu paytgacha matbuot bilan deyarli hamkorlik qilmagan.

XS
SM
MD
LG