Siyosatdonlar fikricha Pokistonning Tolibonga bosimi vaqtincha


O’tgan oylar ichida Pokistonda Tolibon yetakchilaridan kamida yetti nafari qo’lga olingan. Aksariyati “Quvayta Sho’rosi” nomli guruh a’zolari, Afg’oniston bilan chegaradosh Quvayta shahrida yashiringan bo’lgan.

Hibsdagilardan biri Mulla Abdul G’ani Birodar - Tolibonning yetakchi qo’mondonlaridan biri, anchadan beri qidiruvda edi.

Pokistonning shimoli-g’arbdagi qabilaviy hududlarida Tolibonga qarshi janglar davom etmoqda. Chegaradagi jangari manzillari ham AQSh havo kuchlari tomonidan to’xtovsiz nishonga olinyapti.

Pokiston, 2001 yildan beri ilk bor, AQSh razvedkasiga tayanib Tolibon harakatining qator nufuzli yetakchilarini hibsga oldi. Karachida ushlangan Mulla Abdul G’ani Birodar “Quvayta Sho’rosi” jangari guruhi yetakchisi.

AQSh rasmiylari o’ljani olqishlar ekan, bu nafaqat 8 yillik urushda katta burilish yasaydi, balki Pokiston bilan hamkorlik natija berayotganidan dalolat deydi.

Obama ma’muriyati Afg’oniston taqdiri qo’shni Pokiston bilan chambarchas bog’liq deya Islomoboddan o’z zaminida tartib o’rnatishni so’rab keladi. Jangarilar azaldan qabilaviy hududlarni o’ziga makon qilgani barchaga ayon edi. Ularni qo’lga olish ortidagi sabablar qizg’in muhokama qilinmoqda.

“Vashington Pokiston hukumatiga ortiqcha shov-shuvsiz, ammo muntazam bosim o’tkazib keladi”, - deydi tadqiqotchi Liza Kurtis. “Elchi va harbiylar AQSh rahbaridan prezident Osif Ali Zardariyga nomalar yetkazib turadi”.

“Afg’onistondagi vaziyatga, qolaversa dunyo tinchligiga rahna solayotgan jangari guruhlarni yo’q qiling; bu borada qanday yordam kerak bo’lsa beramiz deb, AQSh so’nggi yillarda harbiy-iqtisodiy ko’mak hajmini bir necha baravarga oshirgan”.

Sobiq razvedkachi Byrus Raydelning qayd etishicha, “Pokiston hozircha so’zining ustidan chiqayotgan ko’rinadi, biroq bu qancha davom etishi no’malum. Umid shuki, chegaraning narigi tomonida Tolibonning erkin faoliyatiga chek qo’yiladi. Bu mavjud vaziyatni tamoman o’zgartirgan bo’lardi”.

“Qizig’i shundaki, Tolibon yetakchilarining aksariyati kutilganidek Afg’onistonga yaqin Quvayta shahrida emas, Karachida qo’lga tushdi. Buning sababi oddiy – AQShning pilotsiz samolyotlari qabilaviy hududlarni tinimsiz o’qqa tutmoqda, jangarilar manzilini o’zgaritishga majbur”, - deydi sobiq razvedkachi.

Siyosiy tahlilchi Liza Kurtis Pokiston strategiyasi birdaniga o’zgarib qolganiga ishonmaydi. “O’tmishda al-Qoidaning bir necha a’zosini AQShga tutib bergani rost, lekin Afg’onistonga o’tib xalqaro koalitsiyaga qarshi jang qilayotgan guruhlar faolligicha qolmoqda. Rasmiy Islomobod ularga qarshi biror amaliy chora ko’rayotgani yo’q”.

Aksariyat mutaxassislar fikricha Pokiston siyosatida fundamental o’zgarish kuzatilmaydi, Tolibonga bosim bu vaqtinchalik tadbir.

“Pokistonda hukumat e’tiboridan chetda qolayotgan jangari va terrorchi guruhlar qancha. Lashkar-i Toiba, Jayshe-Muhammad, Haqqoniylar va hokazo. Ular haqida hali hech kim so’z ochgani yo’q”, - deydi osiyoshunos olim Ashli Tellis.

Prezident Obamaning Afg’oniston va Pokistonni yagona frontga birlashtirgan strategiyasi ish bermoqda deyish mumkin. Rasmiy Islomobod bu borada faolroq harakat qilayotgani ko’zga tashlanadi. Biroq kutilgan natijaga erishgungacha hali ancha bor.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG