Yozuvchilar: Madhiyabozlikni yig'ishtirib, haqiqatni yozaylik


Prezident Islom Karimov Yozuvchilar uyushmasi huzurida “Ijod” jamg’armasini tashkil etishga ko’rsatma bergan. Qarordan maqsad yozuvchilarni ijtimoiy tomondan qo’llab-quvvatlash.

Ammo jamg’arma haqiqiy yozuvchilar jamiyatda o’z o’rnini egallashi uchun imkon berishi munozara ostida.

Mulohazalarga ko’ra so’nggi 10 yillikda Yozuvchilar uyushmasining jamiyatdagi o’rni asosan madhiyabozlikdan iborat bo’lgan.

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uzoq yillik rahbarning almashtirilishi, “Ijod” jamg’armasini tashkil etish qarori yozuvchi-shoirlarni qo’llab-quvvatlashga ehtiyoj paydo bo’layotganidan darak bermoqda.

Odatda ijtimoiy-siyosiy voqeliklar boshida turgan o’zbek yozuvchilarining ayrimlari so’nggi 10 yillikda madhiyabozlik bilan band bo’lishgan bo’lsa, ayrim ijodkorlar jamiyatdan, ijtimoiy hayotdan mutlaqo chetlashgan.

Taniqli shoir Abdulla Sherga ko’ra jamiyatda ham, hukumatda ham yozuvchilarga nisbatan munosabat o’zgarmoqda.

“Avval shuni aytish kerakki, so’nggi paytda Yozuvchilar uyushmasiga nisbatan munosabat butunlay o’zgardi. Uyushma ma’naviyatni katta bir o’chog’i sifatida davlatga ham, hukumatga va mintaqaga ham kerakligi, nazarimda, rahbarlarga ham tushunarli bo’ldi. Uyushmaga yangi rahbar tayinlanishini ham qutlayman. Unda tashkilotchilik kuchli, quruq obro’ emas. Abdullajon [Abdulla Oripov] yaxshi shoir, lekin obro’ bilan uyushmani boshqarish qiyin. Nashriyotlarda asarlar bosilishiga e’tibor, uyushmani o’z nashriyotini tashkil etish, bu juda katta ishlar. Hozirgi qaror esa nur ustiga nur, chunki Cho’lponni gapi bor - adabiyotsiz millat bo’lmaydi”, - deydi Abdulla Sher.

Mamlakat prezidenti imzolagan qarorda yozuvchi-shoirlarning ijodiy salohiyatini to’la ro’yobga chiqarishga ko’maklashish, buning uchun zarur moddiy-texnik baza yaratish nazarda tutilgan. 2010 yilda “Ijod” jamg’armasi uchun 100 million so’m pul o’tkazilgan, jamg’arma 2015 yilgacha soliqlardan ozod etilgan.

Sharhlovchilar fikricha hukumat songg’i 10 yillikda ijtimoiy-siyosiy hayotdan chetlatilgan ziyolilar qatlamini jamiyatga qaytarishga urinayotgan bo’lishi mumkin. Biroq so’z erkinligi keskin cheklangan, so’z uchun ta’qib va tazyiqlar mavjud jamiyatda ijodkordan salohiyat kutish natijasiz.

“Birorta shoir-yozuvchi bugungi holatimizni ro’yrost yozib e’lon qilolmaydi, ijod erkinligi yo’qligi shu-da. Adabiyot tamom bo’lgan, Yozuvchilar uyushmasini o’zi yo’q. Joyini tortib oldi, domdan ikki xona berib qo’yibdi, u yoqqa hech kim bormaydi ham. Har zamonda Abdulla Oripov bir borib kelarkan. U ketgandan keyin kim bo’ldi, buni ham bilmadik, eshitmadik, chunki hech narsa ishlamaydi, majlislar o’tmaydi. Nechta shoir yozuvchilar kasal bo’lib o’lib ketdi, hech kim bilmaydi”, - deydi hofiz va shoir Dadaxon Hasan.

Shoir Abdulla Sherga ko’ra so’nggi yillarda yozuvchilarni jamiyat hayotidan uzoqlashgani bor gap, lekin adabiyot uchun jur’at topilishi kerak.

“Adabiyot va jurnalistika, o’zbek jurnalistikasini fojeasi shundaki, jur’at yetishmaydi. Hozir redaksiyalarni boshqarib turgan shunday odamlar juda ko’p. Natijada hech narsa chiqmaydi. Adabiyot ham shu, agar qo’rqib falonchi akam nima deydi desa, bu adabiyot bo’lmaydi. Demak adabiyotni ko’tarish uchun jur’at kerak. Qo’rqqanga qo’sha ko’rinadi, jurnalistlarimiz ham, yozuvchilarimiz ham qo’rqoq”, - deydi Abdulla Sher.

Mulohazalarga ko’ra yozuvchi shoirlarning ijtimoiy-siosyiy hayotdan chekinishi jamiyatda adabiyotga nisbatan qiziqish so’na boshlagani, qadriyatlar o’zgara boshlagani bilan kuzatilgan.

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bir paytlar mamlakatdagi eng obro’li tashkilotlardan biri edi. Mamlakat siyosiy-ijtimoiy hayotida muhim rol o’ynagan bu tashkilot tuzum yopiqlasha borgan sari jamiyatdagi nufuzini ham yo’qotib bordi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG