Breaking News

O'sh maktablarida ko'p tilli ta'lim bo'yicha yangi qo'llanma


Qirg’izistonning O’sh shahridagi o’zbek maktablaridan birida “Kelajak uchun muloqot” deb atalmish qo’llanmaning taqdimot marosimi bo’lib o’tdi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti homiyligida chiqqan kitob qirg’iz, rus va o’zbek tillarida nashr etilgan bo’lib, Markaziy Osiyo buyuk shoirlari, faylasuf va madaniyat arboblari bilan yaqindan tanishishga imkon beradi.

Zikr qilingan uslubiy darslik O’shdagi ko’p tilli va ko’p madaniyatli bilim berish markazi tomonidan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ko’magida tayyorlangan.

Markaz mutaxassisi Muyassar Holmatovaga ko’ra, qo’llanmada metodik to’plamlar, uslublar va dars ishlanmalari alohida joy olgan.

“Qo’llanmamiz kuchli mutaxassislar tomonidan rus tilida ishlab chiqarilgan bo’lib, qirg’iz va o’zbek tillariga tarjima qilindi. Ushbu kitob mamlakat maorifi uchun zarur to’plam hisoblanadi. Shu jumladan uch tilda faoliyat ko’rsatuvchi oliygohlar birinchi va ikkinchi bosqichlari uchun ham zaruriy ma’lumotlar kiritilgan”, - deydi Muyassar Holmatova.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Bishkekdagi markazi rahbari Endryu Tesorer (Andrew Tesoriere) bundan keyin ham shu kabi qo’llanmalar tayyorlashda yordam ko’rsatilishini aytdi.

Markazda loyiha boshlig’i Dildora Hamidova mamlakatda ko’p tilli va ko’p madaniyatli ta’lim masalasiga alohida e’tibor kerakligini ta’kidlaydi. Ikki yil muqaddam ta’lim vazirligi aynan shu masala borasida konsepsiya qabul qilgan.

“Bizning markaz ta’lim va nashriyot faoliyati orqali xalqlar integratsiyasiga, bir-biriga yaqinlashishiga yordam beradi. Bu o’rinda davlat idoralari qo’ldan kelgancha hissa qo’shmoqda, ammo bu kam. Menimcha oila va maktab o’z imkoniyatlari va harakatlarini birlashtirishi kerak”, - deydi Dildora Hamidova.

“Uch tilda chiquvchi “Karavan drujby”, ya’ni “Do’stlik karvoni” deb atalmish jurnalimiz ham Qirg’izistonda maorif rivojlanishiga yordam beruvchi metodik jurnallardan biri. Markazimizning maqsadi ko’p tilli va ko’p madaniyatli ta’lim sistemasini taraqqiy ettirish. O’lka maktablarida o’z tili va madaniyatini bilgan holda, o’zgacha tillar va madaniyatlarga ham hurmat va muhabbatni uyg’otish ruhida tarbiyalash yo’llarini izlashga harakat qilayapmiz”, - deb davom etadi Muyassar Holmatova.

Ish izlab xorijga yo’l olayotgan qirg’izistonlik yoshlar uchun esa ko’p tillarni va turfa madaniyatlarni bilish hozir hayotiy zaruriyat hisoblanadi.

“Boshqa til o’rganish niyatim bor. Chunki xorijga chiqib ishlab kelmoqchiman. O’zimizda ish topish juda qiyin. Har xil til o’rgatuvchi markazlar bor ekan. O’sha markazlarda koreys va ingliz tillarini o’rganmoqchiman. Kichikligimdan ozgina inglizcha bilaman. Chuqur bilimga ega bo’lsangiz maqsadingizga yetar ekansiz. Farzandlarim kelajakda qiynalmasligi uchun ularni chet mamlakatlarda o’qitmoqchiman, toki yaxshi bilim olishsin”, - deydi yosh quruvchi Sanjarbek.

Mutaxassislar Qirg’izistonda xorijiy tillarga, ayniqsa ingliz, xitoy va rus tillariga qiziqish tobora o’sib borayotganini ta’kidlaydi.

XS
SM
MD
LG