Tojikiston mardikor bozorlari xotin-qizlarga to'la


Tojikiston ayni paytda mintaqadagi eng qashshoq respublikadir.

Erkaklar ish izlab chet mamlakatlarga ketar ekan, respublika mardikor bozorlarida asosan xotin-qizlarni uchratasiz.

Nomi tilga olinishini istamagan bir zobitning ta’kidlashicha, keyingi yillarda og’ir sharoit sabab, ayollar orasida qonunbuzarliklar sodir etish sezilarli darajada ko’paygan.

"Bundan o’n yilcha oldin ichki ishlar bo’limida jinoyatchi ayol qo’lga olinishi ajablanarli hol edi. Hozir bunga ham ko’nikishdi. Kuni-kecha erini pichoqlab o’ldirgan xotinni ushlab kelishdi. Nazarimda, ayollar bu sohada ham erkaklardan qolishmaydigan ko'rinadi",- deydi zobit.

Dehqon xo’jaliklaridan birining a’zosi Safarmaxmad Abdullayevning aytishicha, xotin-qizlarning sharoiti ayniqsa qishloq joylarida ancha og’ir.

"O’g’il uylanganidan so’ng Rossiyaga mardikorlikka ketadi. Yosh kelinchak beva singari qishloqda qolib ketadi. Shu sabab ba’zi yangi oilalar ikki-uch yilda buzilib ketyapti,-deydi Abdullayev.

Tojikistonda o’zbek tili va adabiyotidan dars bergan Odiljon Qoshmatov hozir mardikorchilik bilan shug’ullanadi. U aytadiki, “erkak kishi oilani boqishi kerak, lekin shu narsani hozir erkaklar qilolmaydi. Negaki, davlatni korxonalaridan birortasi ishlamaydi, kolxozlarda ayanchli ahvol, odamlar olgan ish haqiga yarasha turmush kechira olmaydi”.

"Ayollarimiz haqiqatdan oilani tebratayapti. Buning evaziga erkaklarni oiladagi o’rni susaymoqda. Xotin pul topyapti, xotin ro’zg’or tebratyapti. Erning bolalarga gapi o’tmaydi, xotinga gapi o’tmaydi, qarabsizki jamiyatda erkakning o’rni borgan sari susayib boryapti,-deydi u.

Maktabni bozor rastasiga almashgan yana bir sobiq o’qituvchi, Maxfirat Umrzoqovaning mulohazalari ham hamkasbinikiga hamohang.

"Hamma joyda ham shu, erkaklarga ish yo’q. Ayollar ishlayapti. Ayollar sabab ro’zg’or qimirlayotgani to’g’ri gap. Erkaklarimiz ishlasa, hech qachon ayollarga bunaqa sharoit kerakmas. Majburmiz",-deydi Maxfirat opa.

Lekin Tojikistonda xizmat ko’rsatgan artist, o’zbek qo’shiqchisi Tojiniso Niyozova respublikadagi sharoitni o’zi uchun juda yaxshi deb biladi.

"Faol ayollarimizdan allaqachon ikkinchisi, birinchisida Uzoqova Zulfiya, uchinchi chaqiriqda ikkinchisi yana Turdimatova Nodira deputatlikka parlament a’zosi bo’lib saylandilar. Bu yerda hamma farzandlarim oliy ma’lumotli bo’lib, yaxshi-yaxshi ishlarda ishlaydilar. Biz bundan juda quvonamiz, Tojikistonimiz gul-gul yashnab turganidan quvonchimiz ichimizga sig’may ketadi,- deydi xonanda.

Tojikiston prezidenti Emomali Raxmon jamiyatda ayollar mavqeini oshirish, ularni rahbar lavozimlariga ko’tarish masalasini tez-tez tilga oladi.

Mamlakatda yangi saylangan Oliy majlis-parlamentning qariyib o’n foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG