Breaking News

Iroqda koalitsion hukumat tuzilishi mumkin


Iroq xalqi qonli xurujlar va talofatlarga qaramasdan kecha yangi parlament uchun ovoz berdi. Qariyb 60 foiz aholi saylovda qatnashgan. G’arb nazarida Iroq muhim, tarixiy dovondan muvaffaqiyatli oshib o’tgan.

Hukmron shialar va muxolif sunniylar hamda kurdlar bellashgan saylov natijalari bir necha kundan so’ng ma’lum bo’ladi. Koalitsion hukumat tuziladi degan umid bor.

Bu 2003 yilda Saddam Husayn hukumati ag’darilgandan beri o’tkazilgan ikkinchi parlament saylovlari. Kuchli xavfsizlik choralari ko’rilsa-da, kun davomida Iroq bo’ylab bir necha portlash sodir etilib, 38 kishi halok bo’lgan.

“Biroq xalq jasorat, matonat ko’rsatib, saylovda qatnashdi. Yurt kelajagini o’z qo’liga olmoqda,- deydi AQSh prezidenti Barak Obama.

Ba’zilar saylov kuni xurujlar ko’lami va asorati qaqshatqich bo’ladi deya xavotirda edi. Prezident Obama fikricha, jarayon nisbatan tartibli o’tishida Iroq xavfsizlik kuchlari, politsiyaning xizmati katta.

“Bu armiya professional bo’lib borayotganidan dalolat beradi”, - deydi Obama.

Parlament saylovlari uzoq va murakkab jarayon. Natijalar e’lon qilinib, shikoyatlar ko’rib chiqilgach, yangi parlament, yangi hukumat tuziladi.

Poygada Bosh vazir Nuri al-Maliki boshliq shialar, sunniy va kurd arboblar tengma-teng olishdi. Partiyalar koalitsiya tuzishi ehtimoldan xoli emas.

Barak Obama jarayon tashqi aralashuvsiz o’tishi lozim deydi.

“Biroq Qo’shma Shtatlar bergan va’da va o’z bo’yniga olgan majburiyatlariga, xususan, harbiy maslahat-yordam, terrorizmga kurash, fuqarolarni himoya qilish kabi vazifalarga sodiq qoladi”,- deydi AQSh rahbari.

Hozir Iroqda amerikalik qariyb 100 ming askar xizmat qilmoqda. Qo’shinlar kelasi yil oxirigacha mamlakatni butunlay tark etishi rejalangan.

XS
SM
MD
LG