AQSh armiyasi Qandahorda hal qiluvchi jangga shaylanmoqda


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Afg’onistonda zobitlar bilan uchrashar ekan, shiddatli janglar hali oldinda deydi.

Vazir notinch janubda, Qandahorda kurashayotgan, og’ir talofatlar ko’rayotgan harbiy bo’limlar a’zolari bilan uchrashgan.

“Siz ko’rsatgan matonat tufayli dushmanni - toliblarni ortga uloqtirishga muvaffaq bo’ldik” dedi Geyts. Qandahor shimolidagi 800 kishilik harbiy qism o’tgan yil yozidan beri 22 askaridan ayrilgan, 62 nafari jarohatlangan.

Urush avjiga chiqadigan palla - yozda Tolibon qarorgohi Qandahorda xalqaro koalitsiya yirik operatsiya rejalagan va asosiy mas’uliyat AQSh harbiylari zimmasida. Amaliyot oldidan hududga ham mahalliy, ham xorij qo’shinlari tortilmoqda.

Robert Geyts afg’on prezidenti Hamid Karzay va xalqaro koalitsiya qo’mondoni general Stenli Makkristal bilan amaliyot tafsilotlari haqida gaplashgan.

AQSh yetakchiligidagi koalitsiya ayni damda qo’shni Hilmandda, markaz shahar Marjada Tolibonga qarshi kurashmoqda. O’tgan oy boshlangan amaliyot natija bera boshlagan – shahar jangarilardan deyarli tozalanib, hukumat idoralari ishga tushmoqda.

General Stenli Makkristal so’zlariga ko’ra, Qandahordagi operatsiya bundan farqli, asta-sekin, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Mamlakatdagi ikkinchi yirik bu shahar va uning atrofi uchun kurash o’ta og’ir bo’lishi kutilmoqda.

Muhim vazifalardan biri aholi, asosan, dehqonlar qatnaydigan, tirikchilik uchun zarur yo’llar xavfsizligini ta’minlash.

Prezident Obama Afg’onistonga qo’shimcha 30 ming harbiy jo’natishga va’da qilgan, hozirgacha 6 ming nafari yetib kelgan. Qandahorda hal qiluvchi janglar boshlanguncha qo’shinning ko’p qismi, qurol-aslaha Afg’onistonga kelib joylashadi. NATO ham minglab askar yubormoqda.

Prezident Hamid Karzay Tolibon bilan murosa qilishga urinmoqda. Geyts fikricha bu jarayon uzoq vaqt talab qiladi. Uning aytishicha, harbiy harakatlar va muzokara samarasi bir-biriga uzviy bog’liq.

Hozir xalqaro koalitsiya va afg’on armiyasi toliblarni iskanjaga olmoqda. Bu esa Tolibon, ularning qo’mondonlarini oxir-oqibat qurolini tashlashga majbur qilishi aniq, deydi Geyts.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG