Rossiyadagi xalqaro mutaxassislar mahalliy qonundan nolimoqda


Rossiyada muhojirlarni ro'yxatga olish haqidagi qonun to'rt yil burun qabul qilinganiga qaramay, uni ijrosiga endi kirishilmoqda. Bu esa xorijlik mutaxassislar noroziligiga sabab bo'lmoqda.

Moskvada markaziy migratsiya idorasi hamisha mijozlar bilan gavjum. Har birining arzi, o'ziga yarasha dardi bor. Aksariyat ishchi muhojirlar ro'yxatdan o'tishga harakat qiladi. Buning uchun ko'p hujjat to'plash, zarur idoralardan imzolar yig'ish kerak. Anketalar esa har hafta, ogohlantirishsiz, yangilanishi mumkin.

Chet el fuqarolari qonun bo'yicha Rossiyaga kelgach uch kun ichida ro'yxatdan o'tishi kerak. Aks holda ular mamlakatdan chiqarib yuborilishi va 5 yilgacha Rossiyaga kiritilmasligi mumkin. Mehnat vizasiga ega xorijliklar esa ishlashga ruxsat berilgan shaharni tark etishdan oldin migratsiya xizmatiga xabar berishi zarur. Qoidalarga rioya qilmasa, jarimaga solinishi va, hattoki, hibsga olinishi mumkin.

Qonunga ko'ra, ular, shuningdek, oliy o'quv yurtidan olgan diplomlarini ta'lim olgan mamlakatda notariusdan tasdiqlatib, o'sha davlat tashqi ishlar vazirligida muhrlatishi talab qilinadi.

Germaniyalik Robert Zellner Moskvadagi xorijiy mehmonxonalarning birida uch yildan beri ishlab keladi.

"Yangi qoidaga muvofiq, ishimni saqlab qolish uchun AQShga borib, diplomimga muhr qo'ydirib kelishim kerak. Axir universitetni o'sha yerda tamomlaganman. Ammo yo'l xarajatlarimni kim ko'taradi", - deya norozi bo'ladi u.

Moskvalik tahlilchi Masha Lipman nazarida qonunda mavhumlik ko'p. Hukumat mehnat muhojirlari sonini kamaytirishga zo'r bergan, deydi u.

"Hammasi rossiyaliklar qoniga singib ketgan millatchilikka borib taqaladi. Odamlardan, ayniqsa, muhojirlardan shubhalanish tabiiy hol. Bu Sovet davridan qolgan illat. Axir mamlakat tashqi dunyoga yopiq bo'lib, odamlar unda erkin harakatlana olmasdi", - deydi Lipman.

Mehnat muhojirlari muhr olish uchun boshqa yurtlarga borishi yetmaganday, ayrim mamlakatlarda bu ko'p vaqt talab qiladi. Ba'zida 2 oygacha kutish kerak.

Moskvada hisobchilik firmasi vitse-prezidenti, asli shotlandiyalik Yuan Kroufordning aytishicha, migratsiya xizmati unga buning uchun atigi 2 hafta muhlat bergan xolos.

"Shu darajaga yetdiki, kompaniyam Rossiyaning o'zida men uchun soxta diplom sotib olmoqchi bo'ldi. Bu bilan ancha vaqt va pul tejalgan bo'lardi", - deydi u.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Human Rights Watch" tashkilotining Moskvadagi bo'limi rahbari Ellison Gillning aytishicha, 4 yil ilgari qabul qilingan qonunning endigina joriy etilishiga sabab shuki, hozir Rossiyada xorij mutaxassislariga oldingiday ehtiyoj qolmadi.

"1990 yillar boshida ularning bahosi tillaga teng edi. Ayniqsa biznes, konsultantlik, moliya sohalarida. Iqtisodiyot kuchayib, Rossiya oyoqqa turib olgach, vaziyat o'zgardi", - deydi Gill.

Rossiyaning o'zida malakali mutaxassislar yetishib chiqmoqda. Germaniyalik Zellnerning tan olishicha, uning rus rahbari o'z vatandoshlari bilan ishlashni afzal ko'radi.

"Rossiya ruslar uchun" degan iborani ko'p eshitganman. Xorijliklar ishimizni olib qo'yapti, deb nolishadi. Bizga endi ehtiyoj qolmadi", - deydi u.

Rasmiylarning aytishicha, qonundan maqsad xorijiy mutaxassislarni kamsitish emas. Diplomni tasdiqlatish orqali ularning haqiqiy malakasini bilish kerak, deydi ular.

XS
SM
MD
LG