Afg'onistonda xavfsizlik bir yilda mahalliy armiyaga o'tishi mumkin


Afg’onistonda mahalliy armiya son va malaka jihatidan kuchga to’lib, tez orada mudofaani butunlay qo’lga olsa ajabmas.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts taxminicha, yaqin bir yilda mas’uliyatni afg’on qo’shiniga topshirsa bo’ladi. Vazir Kobulda zobitlarni tayyorlash markazida so’zlar ekan, qaror ko’r-ko’rona emas, vaziyatga qarab qabul qilinadi, deydi.

Mahalliy armiya malakasini oshirish – g’alabaning muhim shartlaridan. Afg’on qo’shini son jihatdan ko’payib bormoqda, ammo, birinchidan, ular hali xom, ikkinchidan, harbiy trener-murabbiylar yetishmaydi.

AQSh admirali Jeyms Stavridis NATO davlatlariga murojaat qilar ekan, malakali trenerlar kerak, deydi. Afg’onistonda muntazam to’lib borayotgan qurolli kuchlarni tarbiyalash uchun qariyb 1300 harbiy mutaxassis lozim. Ammo NATO hozircha faqat 541 nafar mutaxassis jo’natgan.

General Stavridis “harbiy alyansning har bir a’zosi bilan birma-bir gaplashib, majburiyatni eslatishga, shuncha zobit, mutaxassis kerak deb talab qilishga to’g’ri kelmoqda”, deydi.

Afg’onistonda o’tgan yil oxirida armiya va politsiya maoshi ko’tarilgan, shundan beri askarlikka qabul ham keskin oshgan. Hukumat hisobicha, qurolli kuchlar safiga 300 ming, politsiyaga esa 100 ming ofitser kerak. Afg’on armiyasi qanchalik tez kuchga to’lsa, xalqaro koalitsiya ham shuncha tez mamlakatdan chiqa boshlaydi.

NATO – Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqiga a’zo davlatlar Afg’onistonga qo’shimcha 10 ming askar jo’natishga va’da bergan. Shuning 9500 nafari tez orada yetib kelishi aniq. Ular ham jangovar harakatlarda, ham afg’on zobitlarini tayyorlashda qatnashadi. Biroq shu bilan birga ayrim davlatlar qo’shinlari uyga otlanmoqda.

Senator Jon Makkeyn Gollandiyani misol qiladi. 2 ming nafar golland askari yozda Afg’onistonni tark etishi kerak. Bu esa katta yo’qotish.

XS
SM
MD
LG