Isroil g'arbiy sohilda yahudiylar uchun yana 1600 bino qurmoqchi


AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Isroilning Sharqiy Quddusda minglab yangi imorat qurish rejasini tanqid qilmoqda. Bu loyiha Isroil-Falastin adovatini avj oldirishi aniq, deydi u.

Jo Bayden kecha kun davomida Isroilda Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan muzokara qilib, Falastin bilan tinchlik muloqoti xususida gaplashgan. Tomonlar Falastin-Isroil ixtilofini tugatish zaruratini ta’kidlagan.

Mintaqaga besh kunlik safar bilan chiqqan Baydenning asosiy maqsadi bir yarim yillik tanaffusdan so’ng nihoyat tinchlik muzokaralarini jonlantirish.

Biroq do’stona marosim va iliq so’zlar ketidan Isroil kutilmagan bayonot bilan chiqqan – Sharqiy Quddusda, asosan arablar yashovchi tumanda yahudiylar uchun 1600 xonadon bunyod etiladi.

Loyihani e’lon qilgan Isroil Ichki ishlar vazirligi bu bayonot Baydenning tashrifiga taalluqli emas, demoqda. Tanqidchilar “Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu qarorni to’xtatish uchun biror chora ko’rmadi” deya norozi.

Bugun Iordan daryosining g’arbiy sohilida Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashgan Jo Bayden bu qarorni keskin qoraladi. “Isroil hukumati AQShning tinchlik yo’lidagi sa’y-harakatlarini barbod qilmoqda” deydi AQSh rasmiysi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham yahudiy davlatining xatti-harakatini tanqid qilgan.

Isroilliklar nazarida prezident Obama ma’muriyati avvalgi rahbarlardan farqli, yahudiylarga xayrixoh emas va musulmon dunyosiga yon bosmoqda. AQShning g’arbiy sohilda qurilish ishlarini to’xtatish qarori Isroil jamoatchiligida qattiq norozilik uyg’otgan.

XS
SM
MD
LG