Breaking News

Ayrim kongressmenlar qo'shinni Afg'onistondan olib chiqishga qarshi


Harbiylarni bir oy ichida vatanga qaytarish tashabbusi kecha Kongress Vakillari Palatasida ko’pchilik ovoz bilan rad etilgan. Biroq urushni tanqid qilib kelayotgan qonunchilar taslim bo’lmoqchi emas.

Tashabbusni olg’a surgan demokrat qonunchi Dennis Kusinich azaldan urushni qoralab keladi. Afg’onistondagi harbiy amaliyotni tugatish payti keldi, deydi u.

“Qo’shma Shtatlar mingdan ziyod askarini boy berdi. 250 milliard dollar mablag’ sovurildi. Bu urush AQSh xalqiga o’ta qimmatga tushdi”, - deydi qonunchi.

Dennis Kusinich Iroqdagi urushning ham ashaddiy tanqidchilaridan. 2008 yilda prezident poygalarida qatnashgan arbob o’zini tinchlikparvar, urushga qarshi nomzod deya tanitgan edi.

Demokrat qonunchi AQSh armiyasi bir oy ichida yoki yil oxiriga qadar Afg’onistonni tark etsin demoqda. Vakillar Palatasida 65 arbob tashabbusni yoqlagan, ko’pchilik - 356 qonunchi qarshi ovoz bergan.

Loyihani rad etgan respublikachi qonunchi Ileana Ros-Letinen Afg’onistonda erishilgan yutuqlarga ishora qiladi.

“Yangi strategiya samara berib, Tolibon yetakchilari qo’lga olindi. Katta shaharlarda tartib o’rnatildi. Bu yutuqlarni olqishlash, rag’batlantirish kerak”, -deydi u.

Demokrat Xovard Berman nazarida afg’on hukumati oyoqqa turib olmasidan qo’shinlarni olib chiqish halokatli oqibatlarga yetaklashi mumkin. “Tolibon yana hokimiyatga kelib, afg’on yurti zulmatga cho’kadi”, deydi u.

Ayrim arboblar prezident Hamid Karzay va uning ma’muriyatini korrupsiya, poraxo’rlikda ayblab tanqid qilar ekan, “askar o’g’il-qizlarimizni bu yulg’ich hukumat uchun qurbon qilayapmiz” deb norozi bo’lmoqda.

Prezident Obama rejasiga ko’ra, qo’shinlar kelasi yil yozida Afg’onistondan chiqa boshlaydi. Mudofaa vaziri Robert Geyts jarayon bundan erta boshlansa ajabmas, demoqda.

XS
SM
MD
LG