Yevropa davlatlari NATO faoliyatiga g'ovmi?


Shimoliy Atlantika Harbiy Bloki, NATO bayrog'i ostida Afg'onistonda xizmat qilayotgan xalqaro kuchlar toliblarga qarshi shiddatli janglar olib bormoqda. Biroq NATO qo'mondonlari ayrim Yevropa davlatlari joriy etgan cheklovlardan shikoyat qilib, bunday sharoitda harbiy operatsiyalarni rejalash va amalga oshirish qiyin demoqda.

NATO Afg'onistonda 86 mingdan ziyod harbiyga ega. Ular Birlashgan Millatlar Tashkiloti mandati ostida harakat qiladi. 40 dan ziyod mamlakat o'z hissasini qo'shgan. Jumladan NATOga a'zo barcha 28 davlat.

Ayni damda alyans janubda mahkam o'rnashib olgan toliblarga qarshi operatsiyalar o'tkazmoqda. Hilmand viloyatida o'tgan oy yirik operatsiya natijasida Marja shahri jangarilardan tozalanib, NATO qo'mondonlari qo'shni Qandahor viloyatida ham amaliyot boshlamoqchi.

Biroq tahlilchilar nazarida tashkilotga a'zo ba'zi davlatlar harbiylarining Afg'onistonda ishlatilishiga cheklovlar qo'ygani umumiy maqsadlarga pand bermoqda.

London universitetida NATO bo'yicha ekspert Maykl Uilyams ana shunday cheklovlarga misollar keltiradi.

"Masalan, yevropalik askarlar tunda yoki belgilangan hudud tashqarisida harakatlanishi taqiqlanadi. Ularni jangovar operatsiyalarga jalb qilish mumkin emas. Ular birinchi bo'lib o't ocha olmaydi, quroldan mudofaa maqsadida foydalanishi mumkin xolos. Bu esa ba'zi hollarda qo'shinlarni qiyin ahvolga solib qo'ymoqda. Masalan, yaqin atrofda sizning qo'shinlaringiz bilan britan harbiylari tursa-yu, yov faqat ularni o'qqa tutsa. Sizga qarshi o'q otilmagani uchun, ularga yordam bermasdan jimgina qarab turishingiz kerakmi"?

Uilyams va boshqa tahlilchilar nazarida bu kabi cheklovlar qo'mondonlarning samarali strategiya ishlab chiqishini qiyinlashtiradi.

NATOning Afg'onistondagi kuchlarining eng katta qismini AQSh askarlari tashkil etadi. 47 ming zobit. Vazifaning katta qismi ular gardanida. Suvga ham, o'tga ham o'zini birinchilardan tashlashadi.

NATO kuchlari yuzlashayotgan yana bir muammo shuki, Yevropada afg'on urushiga nisbatan qarshilik va norozilik kuchli. Yaqinda Gollandiya hukumati aynan afg'on siyosati sabab tarqalib ketgan. Hukmron koalitsiyadagi Leyboristlar partiyasi golland qo'shinlari mandatini uzaytirishdan bosh tortib, koalitsiyadan chiqqan.

Afg'onistonda bu mamlakatning 2000 ga yaqin askari bor. Ular avgust oyida vataniga qaytadi.

Amerikalik tahlilchi Shon Keyning aytishicha, Gollandiya Jorj Bush prezidentligi davrida NATOning Afg'onistondagi missiyasini qattiq qo'llab-quvvatlagan davlatlardan edi.

"Barak Obama saylangach esa qo'shinlarini chiqarmoqda, holbuki Obamaning Gollandiyada hurmati baland. Yevropadagi boshqa davlatlar ham Gollandiyaga ergashib, askarlarini Afg'onistondan chiqarsa, AQSh yolg'izlanib qolishi mumkin", - deydi Key.

Ammo o'tgan oy Vashingtonga tashrifi chog'ida NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bu kabi xavotirlarga barham berdi.

"Gollandiyadagi vaziyat boshqa davlatlar siyosatiga ta'sir qiladi deb o'ylamayman. Bu o'sha mamlakat ichidagi jarayonlar oqibati xolos", - degan edi bosh kotib.

NATOga a'zo yana bir davlat Kanada Afg'onistondagi uch minglik qo'shinini kelasi yil o'rtalarida chiqarishini aytgan.

AQSh ma'muriyati Afg'onistonga qo'shimcha 30 ming askar safarbar etayotgan bo'lsa-da, 2011 yil iyulidan boshlab mamlakat mudofaasi mahalliy kuchlar qo'liga topshirila boshlashini aytgan. Ammo, deydi tahlilchi Shon Key, Yevropa davlatlari bu siyosatni o'zicha talqin qilishi mumkin.

Uning aytishicha, qo'shinlar faoliyatiga doir har qanday muhlat ittifoqchilar shashtiga ta'sir qilishi, urush oxiri yaqin deb o'ylab, ular harakatlarini susaytirishi mumkin.

Aksariyat sharhlovchilar nazarida agar yevropaliklar jangovar operatsiyalardan cho'chisa, ulardan boshqa, noharbiy sohalarda faolroq foydalanish zarur.

XS
SM
MD
LG