BMTda O'zbekistonda inson huquqlariga doir ahvol o'rganilmoqda


Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasida O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat ko'rilmoqda. Bugun qo'mita majlisining ikkinchi kuni. Anjuman AQSh Davlat departamenti ham inson huquqlari bo'yicha yillik hisobotini taqdim etgan bir paytda o'tmoqda. Hujjatda O'zbekistonda hamon avtoritar davlat sifatida tilga olinadi.

Hisobot an'anaviy bo'lib har bir mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog'liq ahvolni o'z ichiga oladi. Hujjatni e'lon qilgan AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, bu juda muhim amaliyot.

"Inson huquqlari bobidagi siyosatni to'g'ri shakllantirish uchun biz bu borada yordam bermoqchi bo'lgan mamlakatlardagi vaziyatni anglab yetishimiz zarur", - deydi Klinton.

Hisobotda O'zbekistondagi ahvolga quyidagicha baho berilgan: mamlakatda inson huquqlari muntazam ravishda poymol etiladi. 2009 yil bundan mustasno emas. Ayniqsa dindorlarga qarshi tazyiqlar to'xtamagan. Ularni qamoqlarda qiynash va joniga qasd qilish hollari uchrab turadi. Xalqaro qonunlarga rioya qilinmaydi, deyiladi Davlat departamenti hisobotida.

Nyu-Yorkda joylashgan "Human Rights Watch" tashkiloti huquq faollari va mustaqil jurnalistlarga qarshi ta'qiblarni misol tariqasida keltiradi. Tashkilotning Markaziy Osiyo bo'yicha mutaxassisi Veronika Goldstonning Amerika Ovoziga aytishicha, ayni damda 14 nafar huquq faoli asossiz qamoqda saqlanmoqda.

"O'zbekiston hukumatida siyosiy islohotlar uchun iroda yetishmaydi. O'zi imzolagan xalqaro hujjatlarga hurmat yo'q. Shunday ekan", - deydi Goldston, "tashqi bosimni kuchaytirish zarur".

Inson huquqlari bobida ishlayotgan tashkilotlarning O'zbekistondagi ahvol bo'yicha muntazam hisobotlari ana shunday bosimning bir turi. Jumladan, Davlat departamenti hujjati ham. Sharhlovchilarga ko'ra, bu xalqaro maydonda o'ziga yarasha ko'zgu bo'lib, kim yomon ekanini ko'rsatib turadi.

Respublikadagi vaziyat Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkilotida kecha boshlangan majlisda ham muhokama qilinmoqda. 18 nafar xalqaro darajadagi ekspertlardan tashkil topgan BMT Inson huquqlari qo'mitasi O'zbekiston hukumatining Xalqaro fuqarolik va siyosiy huquqlar bitimiga qanday rioya qilayotganini o'rganmoqda.

Qo'mita ishida ishtirok etish uchun O'zbekistondan Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz raisi Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya kelgan. Rasmiy Toshkentning bu yo'nalishdagi siyosati va qilingan ishlari bo'yicha hisobot berish uchun.

18 a'zolik hay'at O'zbekiston rasmiylari, mahalliy nodavlat tashkilotlari, mustaqil huquq faollari va xalqaro tashkilotlar xulosalari bilan tanishib chiqib, tavsiyalar tayyorlaydi.

Ana shu xulosalarning ba'zilari bilan tanishib o'tsak. AQShdagi bir necha tashkilot nomidan BMT qo'mitasiga xat yo'llagan Xalqaro mehnat huquqlari forumi O'zbekiston hukumatini qator xalqaro normalarni buzganlikda ayblaydi. Xususan bolalarni paxta mavsumida majburiy mehnatga jalb qilishda. O'zbekistonlik huquq faollari ham qo'mitaga hisobot taqdim etib, rasmiy Toshkentni mahbuslarni qiynoqqa solayotganlikda ayblab, qator misollar keltiradi.

Nogironlar manfaatlarini himoya qiluvchi 15 ta xalqaro guruhni o'z ichiga olgan alyans O'zbekiston hukumatidan nogironlar huquqlarini e'zozlashni so'rab, o'tgan yil fevralida imzolagan Nogironlar huquqlari konvensiyasini ratifikatsiya qilishga chaqiradi.

Bundan tashqari "Human Rights Watch", Xalqaro Amnistiya va yana bir necha tashkilot BMT Inson huquqlari qo'mitasiga O'zbekiston bo'yicha o'z shikoyat va takliflarini taqdim etgan.

Jarayonni hukumat delegatsiyasi va xalqaro tashkilot vakillaridan tashqari o'zbekistonlik faollar ham kuzatmoqda. Xususan Toshkentdan kelgan nodavlat "Tezkor guruh" tahlil markazi direktori Suhrob Ismoilov.

Suhrob Ismoilovning aytishicha, O'zbekiston hukumati xalqaro hamjamiyatni inson huquqlarini yaxshilashga qaratilgan va'dalar bilan boqishiga qaramay, mustaqil, nodavlat huquq tashkilotlari va faollar bilan hamkorlik qilmaydi. Vaholanki, AQSh va Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bo'yicha hisobot tayyorlashda respublikadagi diplomatik vakolatxonalari va vakillaridan tashqari nohukumat manbalar to'plagan axborotdan ham foydalanadi.

Ammo, deya afsus qiladi Suhrob Ismoilov, O'zbekiston rasmiylari bilan muloqot mamlakat ichida emas, tashqarisida, xalqaro anjumanlar bahonasida va doirasida bilvosita tarzda olib boriladi.

XS
SM
MD
LG