Breaking News

Barak Obama eksportni oshirish tashabbusini olg'a surmoqda


Prezident Barak Obama AQSh eksportini kuchaytirishga qaratilgan yangi strategiyani e'lon qildi. Mutaxassislarga ko'ra, AQShning ba'zi davlatlar bilan o'zaro savdosida nomutanosiblik bor. Ayniqsa Xitoy bilan. Amerika bu mamlakatdan salkam 5 marotaba ko'p mahsulot import qiladi.

Prezident Obamaning aytishicha, mamlakat eksport salohiyati kuchaysa, iqtisodiyot tezroq oyoqqa turadi, xalq farovonligi oshadi. Obama yanvar oyida Kongressda ma'ruza qilganida kelasi 5 yil ichida mamlakatning eksport hajmini ikki baravarga oshirishga va'da bergan edi.

Kecha mamlakat rahbari Vashingtonda AQSh Eksport-Import bankida yangi tashabbuslarni ma'lum qilgan.

"Busiz Amerika raqobatbardosh bo'la olmaydi va boshqa davlatlardan orqada qolib ketadi. Buni uddalasak, ko'plab ish o'rinlari yaratiladi", - deydi Obama.

Oq uy olg'a surayotgan reja Davlat eksport tashabbusi deb nomlanadi. Prezidentga bu masalalarda maslahat berish uchun ko'zga ko'ringan ikki tadbirkor xalqaro savdo bo'yicha qo'mitaga rahbar etib tayinlangan.

Prezident Obama Xitoy moliyaviy siyosatini tanqid ostiga olib, eksportlarini milliy valyutasi yuan qiymatini dollarga nisbatan sun'iy ravishda past ushlab turish hisobiga kuchaytirayotganlikda ayblagan.

"Muvozanat hammaga kerak. Moliyaviy kamomadni boshdan kechirayotgan davlatlar pulni tejab, ko'proq eksport qilishi zarur. Savdodan ko'p pul ishlayotgan mamlakatlar esa iste'molni kuchaytirib, ichki ehtiyojlarini qondirishi lozim. Agar Xitoy valyutasi jahon bozoridagi ayirboshlash kursiga qarab o'zgarganida edi, dunyo moliya tizimini muvozanatlash harakatlariga ulkan hissa qo'shgan bo'lar edi", - deydi Obama.

Oq uy Xitoyni "valyuta chayqovchisi" deb tamg'alash arafasida ekan, bu ikki davlat munosabatlarini keskinlashtirishi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG